date

Uni "uxlayapti" deb o‘ylaydi: Xiaomi elektromobili haydovchini tushunmayapti

Uni "uxlayapti" deb o‘ylaydi: Xiaomi elektromobili haydovchini tushunmayapti
Xitoyning Chjetszyan provinsiyasida istiqomat qiluvchi bir erkak yangi xarid qilgan Xiaomi SU7 Max elektromobilida noodatiy muammoga duch keldi. Ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan mazkur elektromobil uning hayotini yengillashtirishi o‘rniga, aksincha, haydovchi uchun doimiy “qiynoq” manbaiga aylandi.

Masala sun’iy intellekt (AI) tizimiga bog‘liq. Elektromobilga o‘rnatilgan charchoqni aniqlovchi sistema har gal erkak avtomobilni boshqarganda uning ko‘zlarini yopiq holatda deb baholamoqda. Bu esa, xavf-xatar signallarining ishga tushishiga, mashina esa haydovchi “uxlab qolgan” deb hisoblab, avtomatik ravishda tezlikni kamaytirishga sabab bo‘lmoqda.

Erkakning aytishicha, bu holat uning ko‘zlarining tabiatan juda qisiq shaklga ega ekanligi bilan bog‘liq. Ya’ni, sun’iy intellekt tizimi uning ko‘zlari ochiqligini aniqlay olmayapti. Har safar haydovchilik vaqtida mashinaning “uyg‘otuvchi” ogohlantiruvlari faollashishi nafaqat qiyinchilik, balki haydash jarayonida jiddiy diqqatni bo‘lishga olib kelmoqda.

Xiaomi kompaniyasi hozircha bu kabi xususiy holatga mos yechim ishlab chiqmagan. Mahalliy OAVlarda ta’kidlanishicha, bu holat sun’iy intellekt texnologiyalarining insonlarning irqiy yoki individual tashqi xususiyatlariga yetarli darajada moslashmaganini ko‘rsatadi.

Ayrim mutaxassislar bu kabi muammolar insonlar o‘rtasidagi biologik xilma-xillikni hisobga olmagan algoritmlar bilan bog‘liq ekanini aytmoqda. Bu esa texnologiyalarning inklyuzivligi, ya’ni barcha insonlar uchun to‘liq ishlashini ta’minlash zaruratini yanada yaqqol namoyon etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Xiaomi SU7 Max elektromobili bozorda o‘zining yuqori tezligi, zamonaviy avtopilot va AI-boshqaruv tizimlari bilan keng e’tirof etilgan. Biroq ana shunday real holatlar sun’iy intellekt tizimlarini yanada takomillashtirish zaruratini ko‘rsatmoqda.

Texnologiya qanchalik rivojlanmasin, u inson tabiatini to‘liq tushuna bilmas ekan, bunday ko‘ngilsizliklar takrorlanaveradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Uni "uxlayapti" deb o‘ylaydi: Xiaomi elektromobili haydovchini tushunmayapti