Xitoyda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan virtual ijodkorga ID berildi

Xitoyda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan Yuri ismli virtual qo‘shiqchiga maxsus raqamli identifikatsiya hujjati berildi. Bu haqda 2026 yil 7 oktyabr kuni ABC News xabar berdi.
Pekinning Ijuan hududida 11 iyun kuni Yuriga mamlakatdagi ilk «raqamli san’atkor kartasi» topshirilgan. Hujjatda virtual qahramonning ismi, tug‘ilgan sanasi, manzili va tashqi ko‘rinishiga oid ma’lumotlar qayd etilgan. Mazkur tashabbus sun’iy intellekt yordamida yaratilgan ijodkorlarning faoliyatini qonuniy tartibga solishga qaratilgan.
Yuri haqiqiy inson emas, balki sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida yaratilgan virtual qo‘shiqchi. Uning obrazini ishlab chiqish, texnologiyasini boshqarish va faoliyatini yuritish bilan mutaxassislar jamoasi shug‘ullanadi. Virtual ijodkor Xitoyning ijtimoiy tarmoqlarida 100 mingdan ortiq kuzatuvchiga ega.
Yangi tartib doirasida Yuri faoliyatini yurituvchi jamoa uning nomidan raqamli yuan uchun korporativ hamyon ochish va tijoriy hamkorliklarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 2026 yil sentyabr oyida Xitoy rasmiylari Yuri va yana bir virtual ijodkor KOKO raqamli yuan korporativ hamyoniga ega bo‘lgan ilk raqamli qahramonlar qatoriga kirganini ma’lum qilgan.
Xitoyda virtual insonlar sanoati jadal rivojlanmoqda. Ular reklama, moda, o‘yinlar, jonli efirlar va boshqa sohalarda qo‘llanmoqda. Shu bilan birga, bunday texnologiyalar mualliflik huquqi, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va virtual obrazlar faoliyati uchun kim javobgar bo‘lishi kabi masalalarni ham kun tartibiga olib chiqmoqda.





























Izohlar 0
…