
Jahondagi geosiyosiy ziddiyatlar fondasida havo ustunligini ta’minlash nafaqat harbiy kuch, balki strategik barqarorlik uchun ham muhim omilga aylandi. Eron Isroil va AQSH bilan 12 kunlik qarshilikdan so‘ng o‘z harbiy-havo salohiyatini tezkor ravishda yangilash harakatida. Bu borada Xitoy ishlab chiqargan J-10C qiruvchi samolyotlari markaziy o‘rinni egallamoqda.
Eronning Chengdu J-10C rusumli ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotlariga bo‘lgan qiziqishi yangi emas. Bu tashabbus ilk bor 2000-yillar boshida paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, 2015 yilda 150 ta samolyotni xarid qilish yuzasidan muzokaralar sezilarli darajada ilgarilagan edi. Biroq, o‘shanda to‘lovni xorijiy valyutada amalga oshirish talab etilgani va Erondagi valyuta tanqisligi tufayli kelishuv amalga oshmagan. Tehron unga neft va gaz bilan barter asosida hisob-kitob qilishni taklif qilgan, ammo Pekin bu shartni qabul qilmagan.
2015 yildagi muzokaralar yakunsiz qolgan bo‘lsa-da, 2020 yilda BMTning Eronga nisbatan qurol-yarog‘ embargosi tugatilishi bu jarayonga yangi turtki berdi. Shu bilan birga, 150 ta samolyotga bo‘lgan dastlabki buyurtma 36 tagacha qisqartirildi. Biroq to‘lov shakli masalasidagi kelishmovchiliklar hali ham to‘liq bartaraf etilgani yo‘q.
2025 yilgi Military Balance hisobotiga ko‘ra, Isroil bilan to‘qnashuvlardan oldin Eronda taxminan 150 ta qiruvchi samolyot mavjud bo‘lgan. Ularning asosiy qismi eski model sanaladi — Islom inqilobidan oldin AQSHdan olingan F-4 Phantom II, F-5 Tiger II va F-14 Tomcat rusumlari. Bu samolyotlarning texnik holati talab darajasida emas, ehtiyot qismlar yetishmasligi va xizmat ko‘rsatishdagi murakkabliklar ularning foydalanish samaradorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Eron so‘nggi marta 2023 yilda Rossiyadan to‘rtta Su-35 qiruvchisini xarid qilgan. Umumiy buyurtma 50 ta bo‘lganiga qaramay, Ukrainadagi urush tufayli yetkazib berish muddati noma’lum muddatga kechiktirilgan.
Xitoyga tegishli Chengdu J-10C — bu bitta dvigatelli, ko‘p maqsadli zamonaviy qiruvchi samolyot bo‘lib, u F-16 va Gripen E kabi G‘arb modellariga nisbatan arzonroq yechim sifatida taqdim etiladi. Uning bazaviy komplektatsiyasi taxminan 60 million dollar atrofida, to‘liq jihozlangan holda esa narxi 90 million dollarga yetishi mumkin.
Ta’lim-o‘quv jihozlari, ehtiyot qismlar, qurol-aslaha va uchuvchilarni tayyorlash xarajatlari bu narxning oshishiga olib keladi. Bu jihatdan J-10C samolyoti Eron uchun texnik va moliyaviy jihatdan mos keladigan variant sifatida ko‘rilmoqda.
Eronning havo kuchlarini modernizatsiya qilishga urinishi nafaqat Tehronning mintaqaviy pozitsiyasini mustahkamlaydi, balki kengroq geosiyosiy o‘zgarishlarni anglatishi mumkin. Xususan, Xitoyning harbiy texnikasini tanlayotgani — G‘arb qurol bozoriga nisbatan alternativalarning kuchayib borayotganidan dalolat. Bu jarayon Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston uchun ham muhim tahlillarni talab etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar