
Rossiya rasmiylarining xabar berishicha, Ukraina tomonidan amalga oshirilgan uzoq masofali dron hujumi natijasida Rossiyaning markaziy qismidagi Izhevsk shahrida joylashgan harbiy zavod nishonga olingan. Hujum oqibatida uch kishi halok bo‘lgan, yana 35 nafar fuqaro shifoxonaga yotqizilgan. Ular orasida 10 nafarining ahvoli og‘ir ekani bildirildi.
Udmurtiya gubernatori Aleksandr Brechalovning ma’lumot berishicha, Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) tomonidan boshqarilgan ikki dona uzoq masofali dron taxminan 1,300 km uzoqlikdan uchib kelib, Kupol elektromexanik zavodiga zarba bergan.
Mazkur zavod Rossiya harbiy sanoatida muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u yerda “Tor” havo mudofaasi tizimlari, “Osa” komplekslari va radar tizimlari ishlab chiqariladi. Ukraina ommaviy axborot vositalarining ma’lumotiga ko‘ra, bu zavod, shuningdek, dron ishlab chiqarish yo‘nalishida ham faoliyat yuritmoqda.
BBC tomonidan tasdiqlangan videolarda hujum oqibatida zavod tomida portlash sodir bo‘lgani va qora tutun osmonga ko‘tarilgani aks etgan. Portlashdan so‘ng Rossiyaning fuqarolik aviatsiyasi agentligi Rosaviatsia Izhevsk aeroportida vaqtincha cheklovlar joriy qilgan, biroq bu cheklovlar bir necha soatdan keyin bekor qilingan.
Bu hujum Kupol zavodiga yo‘naltirilgan ikkinchi dron hujumi bo‘ldi. Avvalgi, 2024-yil noyabr oyida amalga oshirilgan zarba qurbonlarsiz o‘tgan edi.
Ukrainalik rasmiylar hujum haqida izoh berar ekan, bu kabi maxsus operatsiyalar Rossiyaning harbiy salohiyatini susaytirishga, harbiy ishlab chiqarish zanjirlarini buzishga va Rossiya hududining chuqur ichkarisida ham harbiy inshootlar xavfsiz emasligini ko‘rsatishga qaratilganini ta’kidladi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar