MIT talabasi tomonidan asos solingan Mach Industries harbiy texnologiyalar bozorini egallamoqda

AQSHning eng nufuzli oliygohlaridan biri — MIT (Massachusets texnologiya instituti)ni 19 yoshida tark etgan Ethan Thornton bugungi kunda mudofaa sanoatida yangi inqilob yasashga urinmoqda. U asos solgan Mach Industries startapi qisqa vaqt ichida investorlar eʼtiborini tortib, joriy oyda C seriyali investitsiya raundi doirasida 300 million dollar mablagʻ jalb qildi. Hozirda kompaniyaning umumiy qiymati 1,8 milliard dollarga baholanmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Thorntonning faoliyati oddiy garajda vodorodli tizimlar yaratishdan boshlangan edi. Dastlabki urinishlar muvaffaqiyatsiz chiqqan boʻlsa-da, u oʻz yoʻnalishini oʻzgartirib, dronlar va uchuvchisiz tizimlarga eʼtibor qaratdi. TechCrunch nashri maʼlumotiga koʻra, Mach Industries hozirda bir vaqtning oʻzida oltita yirik qurol dasturi ustida ish olib bormoqda. Bu esa bitta mahsulotga eʼtibor qaratishni afzal koʻradigan anʼanaviy startaplar strategiyasidan tubdan farq qiladi.
Kreativ yondashuv va strategik ustunlik
Ethan Thorntonning fikricha, AQSH ishlab chiqarish hajmi boʻyicha Xitoy bilan raqobatlasha olmaydi, shuning uchun asosiy urgʻu kreativlik va mahsulotni tezkorlik bilan bozorga chiqarishga qaratilishi lozim. U Ukraina va Rossiya oʻrtasidagi mojarodan misol keltirib, birinchi boʻlib yangi texnologiyani joriy etish son jihatdan ustunlikdan muhimroq ekanini taʼkidlaydi. Mach Industries ayni damda quyidagi loyihalar ustida ishlamoqda:- Vertikal ravishda havoga koʻtariluvchi zarbdor samolyot;
- Uzoq masofaga uchuvchi kemalarga qarshi raketa;
- Stratosferada harakatlanuvchi ikkita maxsus tizim;
- Dronlarni yoʻq qilishga moʻljallangan arzon yer-havo tutuvchi qurilmasi;
- 40 futli dengiz logistikasi va zarba berish apparati.
Thorntonning taʼkidlashicha, mudofaa sanoatidagi asosiy muammo faqatgina tayyor platformalarni yigʻishda emas, balki butlovchi qismlar va taʼminot zanjiridadir. Shu sababli, Mach Industries nafaqat tayyor dronlar, balki reaktiv dvigatellar va raketa motorlarini ham ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. May oyida kompaniya Exquadrum nomli raketa motorlari ishlab chiqaruvchi korxonani 50 million dollarga sotib olgani ham ushbu strategiyaning bir qismidir.
Hozirda kompaniya 13 ta davlat shartnomasiga ega boʻlib, ularning aksariyati sinov bosqichida turibdi. Thornton yil yakuniga qadar uchta yirik dasturni ommaviy ishlab chiqarish bosqichiga oʻtkazishni rejalashtirgan. Bu esa oyiga yuzlab dona mahsulot oʻrniga yuz minglab birlik qurol ishlab chiqarishni anglatadi. Garchi Shield AI yoki Saronic kabi raqobatchilar bitta yoʻnalishga eʼtibor qaratib yuqori kapitallashuvga erishgan boʻlsa-da, Mach Industries koʻp qirrali yondashuv gʻalaba garovi ekaniga ishonadi.































Izohlar 0
…