date

So‘nggi nafasigacha o‘quvchilari uchun kurashgan muallima

So‘nggi nafasigacha o‘quvchilari uchun kurashgan muallima
Dakkadagi Milestone kollejida sodir bo‘lgan harbiy samolyot halokati butun mamlakatni larzaga soldi. Biroq yuz bergan fojiada insoniy jasorat timsoli bo‘lgan voqea ham ro‘y berdi: 46 yoshli ingliz tili o‘qituvchisi Maherin Chowdhury yonayotgan sinfxonaga bir necha bor qaytib kirib, o‘quvchilarni qutqarishga uringan va o‘z hayotini qurbon qilgan.

Halokat 21-iyul kuni Bangladesh Harbiy havo kuchlariga tegishli F-7 BGI rusumli jangovar samolyotning kollej binosiga qulab tushishi natijasida yuz berdi. Harbiylar samolyotda texnik nosozlik yuzaga kelganini ma’lum qilgan.

Hodisa oqibatida kamida 29 kishi, ularning aksariyati maktab o‘quvchilari, halok bo‘ldi. Samolyot uchuvchisi ham voqea joyida vafot etdi.

Maherin Chowdhury o‘z sinfidagi o‘quvchilarni qutqarish uchun yonayotgan binoga qayta-qayta kirgan. Uning kiyimlari olov ichida qolgan bo‘lsa-da, u kamida 20 nafar bolaning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.

Uning akasi Munaf Chowdhuryning so‘zlariga ko‘ra, Maherin hayotining so‘nggi daqiqalarida ham o‘quvchilarini tashlab ketmagan. Hatto turmush o‘rtog‘i uni telefon orqali chiqib ketishga undaganida, u: “Ular ham mening bolalarim. Ular yonayapti, men qayerga ketaman?” — degan.

Maherin Chowdhuryning jasorati Bangladesh bo‘ylab katta e’tirofga sabab bo‘ldi. U 23-iyul kuni o‘zining tug‘ilgan joyi — Nilphamari tumanida dafn qilindi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » So‘nggi nafasigacha o‘quvchilari uchun kurashgan muallima