Isroil hukumati G‘azo shahri ustidan to‘liq nazoratni qo‘lga kiritish niyatini ochiq e’lon qilgach, jahon miqyosida ko‘plab davlatlar bu qaror ortidan mojaro yanada kuchayishi mumkinligidan qattiq tashvishga tushdi. Xususan, Britaniya bosh vaziri Kir Starmerning so‘zlariga ko‘ra, bunday yo‘l tanlash na qurolli to‘qnashuvga chek qo‘yadi, na HAMAS qo‘lidagi garovdagilar taqdirini yengillashtiradi. Uning ta’kidlashicha, bu faqat yana yangi qon to‘kilishiga, qurbonlar soni oshishiga va vaziyatning keskinlashishiga olib kelishi mumkin.
Starmer 8 avgust, juma kuni Londondan bergan bayonotida Isroil rahbariyatini o‘z rejasini qaytadan ko‘rib chiqishga da’vat etdi. U mintaqadagi gumanitar inqiroz kun sayin og‘irlashib, aholi uchun hayotiy xavflar ortib borayotganini alohida qayd etdi. “Darhol otashkesimga erishish zarur, insonparvarlik yordamini oshirish lozim, HAMAS esa barcha garovdagilarni ozod qilishi shart. Mojaroni faqat muzokaralar orqali hal qilish mumkin”, — dedi u.
Shu bilan birga, Britaniya bosh vaziri HAMASning G‘azo sektori kelajagida hech qanday siyosiy yoki ma’muriy rol o‘ynay olmasligini ta’kidladi. U har ikki tarafga murojaat qilib, “halokat yo‘li”dan voz kechishga va tinch yo‘l izlashga chaqirdi.
Bu orada, Germaniya hukumati ham o‘z pozitsiyasini aniq ifoda etdi — Berlin Isroilga G‘azo sektorida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan qurollarni yetkazib berishni to‘xtatdi. Nemis rasmiylari tinch aholining azob-uqubatlari ortib borayotganidan jiddiy xavotirda. Germaniya kansleri Fridrix Mersning ta’kidlashicha, agar yangi harbiy hujum boshlansa, Isroil qirg‘oqbo‘yi aholisi ta’minoti va xavfsizligi uchun katta mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Shuningdek, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar orqali insonparvarlik yordamini uzluksiz yetkazish uchun barcha imkoniyatlar yaratilishi shart.
BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk ham Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu rahbarligidagi hukumatning qarorini keskin tanqid qildi. U bu rejani “zudlik bilan” qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi va uning BMT Xalqaro sudi qaroriga zid kelishiga urg‘u berdi. Sud qaroriga ko‘ra, Isroil okkupatsiyani imkoni boricha tezroq to‘xtatishi shart.
Turk, shuningdek, bu harakat Yaqin Sharqdagi mojaroni ikki davlat yechimi asosida va falastinliklarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini ta’minlaydigan sa’y-harakatlarga zid ekanini qo‘shimcha qildi.
8 avgust kuni ertalab Isroil xavfsizlik mahkamasi HAMASni “mag‘lub etish” va G‘azo shahri ustidan nazorat o‘rnatish rejasini ma’qulladi. Bu qaror tungi uchrashuvda, urushni to‘xtatish haqida xalqaro chaqiriqlar va Isroil ichidagi noroziliklarga qaramay qabul qilindi. Noroziliklar ko‘p jihatdan HAMAS qo‘lidagi garovdagilar taqdiri uchun xavotirdan kelib chiqmoqda.
Avvalroq, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSHning Fox News telekanaliga bergan intervyusida Isroil butun G‘azo sektorini o‘z nazoratiga olish niyatida ekanini aytib o‘tgan edi. Ayni paytda Isroil armiyasi eksklav hududining to‘rtdan uch qismini nazorat qilmoqda. Hukumat qarori mamlakat ichidagi muxolifat tomonidan ham qattiq tanqid qilindi.
Yaqin Sharqda yangi xavf: G‘azo egallash bo‘yicha Isroil rejasi bahs uyg‘otdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar