DW nashrining xabar berishicha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Quddusda xorijiy OAV vakillari uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida G‘azo sektoridagi urushni yakunlash bo‘yicha “besh tamoyil”dan iborat rejasini taqdim etdi.
Unga ko‘ra, dasturda HAMASni quroldan voz kechtirish, barcha isroillik garovdagilarni ozod etish, G‘azoni to‘liq qurolsiz hududga aylantirish va mintaqada hokimiyatni “isroillik bo‘lmagan fuqarolik ma’muriyati” qo‘liga topshirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, reja asosida Isroil hukumati xavfsizlik kafolatini ta’minlash uchun G‘azo ustidan nazoratni o‘z zimmasiga oladi.
“G‘azo shahrini nazoratga olish — urushni yakunlashning eng samarali yo‘li. Biz boshlagan ishni oxiriga yetkazish, HAMASni mutlaqo yo‘q qilishdan boshqa chora yo‘q”, — dedi Netanyahu.
U, shu bilan birga, G‘azo hududida “xavfsiz yo‘laklar” hamda yangi gumanitar yordam punktlarini tashkil etishga va’da berdi.
“Bizning maqsadimiz G‘azoni egallash emas, balki uni ozod qilishdir”, — deya qo‘shimcha qildi Isroil rahbari.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!