Rossiyaning shimolida joylashgan va Ukraina chegarasidan taxminan 2 ming kilometr uzoqlikdagi Komi Respublikasi birinchi marta Ukraina dronlari hujumiga duch keldi. Mazkur voqea mamlakatning strategik ahamiyatga ega sanoat hududlaridan biri — Uxta shahrida sodir bo‘ldi.
Mahalliy vaqtda tarqatilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Uxtada dronlar hujumi xavfi e’lon qilindi. Telegram orqali tarqalgan axborotda aytilishicha, dronlar shahar yonidagi neft qayta ishlash zavodiga yo‘naltirilgan. «Den» axborot dasturi orqali berilgan xabarda: «NQIZ hududida dron qulagan. <...> Neft qayta ishlash majmuasida yong‘in sodir bo‘lmadi», — deya ta’kidlangan.
Hodisadan keyin shahar markazida joylashgan «Yarmarka» savdo majmuasi va yaqin atrofdagi neft qayta ishlash zavodi tezkor ravishda evakuatsiya qilindi. Shuningdek, Ukrainaning Supernova+ telegram-kanali hujumda «Lukoyl-Uxtaneftepererabotka» zavodi asosiy nishon bo‘lganini iddao qildi.
Uxta aholisi hodisa vaqtida mobil internet aloqasida uzilishlar kuzatilganini bildirdi. Shu kabi aloqa muammolaridan Siktivkar shahri fuqarolari ham shikoyat qilgan. Rossiya havo hujumlariga qarshi tizimi faollashgan paytda, Uxta aeroportida samolyotlarni qabul qilish va parvozga chiqarish vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Rosaviatsiya rasmiy vakili Artyom Korenyako ma’lumot berdi.
Komi Respublikasi rahbari vazifasini vaqtincha bajarayotgan Rostislav Goldshteynga ko‘ra, dronlar qulashi oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Ta’kidlash joizki, keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Ukraina dronlari birinchi marta Komi Respublikasi hududini nishonga oldi. Bu esa jang maydonlari geografiyasi tobora kengayayotganini va uzoq hududlar ham ehtimoliy xavf ostida ekanini ko‘rsatib turibdi.
Ukraina dronlari ilk bor Rossiyaning 2 ming km uzoqlikdagi hududiga zarba berdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar