Afg‘oniston poytaxti Kobulda ayollar uchun mo‘ljallangan go‘zallik salonlari ommaviy ravishda faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda. Bu jarayon toliblar tomonidan amalga oshirilayotgan qat’iy tekshiruvlar va bosimlar natijasida yuz bermoqda, deb xabar berdi Tolo News.
Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, jangarilar shahar ko‘chalarini aylanib, binolarni birma-bir tekshirmoqda. Agar go‘zallik salonini topishsa, ichki jihozlarini buzib, hatto ayrim hollarda musodara qilmoqda. Bu esa nafaqat tadbirkorlar, balki minglab ayollar uchun ham katta iqtisodiy va ma’naviy zarba bo‘lmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, Kobuldagi bunday salonlarda qariyb 60 mingga yaqin ayol doimiy ish bilan ta’minlangan edi. Ular orasida yosh qizlar, oilasiga yordam beruvchi ayollar va ko‘p yillik tajribaga ega mutaxassislar ham bor. Endi esa ularning ko‘pchiligi ishsiz qoldi, turmush sharoiti esa yanada og‘irlashishi mumkin.
Tahlilchilar bu jarayonni Tolibonning ayollarni mamlakat ijtimoiy va iqtisodiy hayotidan bosqichma-bosqich chetlatish siyosatining bir qismi sifatida baholamoqda. Ularning fikricha, bunday harakatlar ayollar imkoniyatlarini cheklabgina qolmay, Afg‘onistonning iqtisodiy rivojiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ayni paytda, mahalliy fuqarolar va xalqaro inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bu holatni qat’iy qoralab, ayollar uchun ish va faoliyat imkoniyatlarini tiklash zarurligini ta’kidlamoqda. Ammo hozirgi siyosiy vaziyatda bu masala yechimini topishi qanchalik mumkinligi hali noaniq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!