date

Mozori Sharifda Alisher Navoiyga bag‘ishlangan yangi majmua quriladi

Mozori Sharifda Alisher Navoiyga bag‘ishlangan yangi majmua quriladi

Afg‘onistonning yirik shaharlaridan biri — Mozori Sharifda buyuk alloma Alisher Navoiy xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlikni qayta tiklash va uni yanada ko‘rkam holatda barpo etish ishlari boshlandi. «Dunyo» agentligi xabar berishicha, shahar markazida joylashgan va oxirgi yillarda xarob holga kelib qolgan yodgorlik majmuasini yangidan qurish uchun rasman tamal toshi qo‘yildi.

Shahar hokimi Abdurahmon Himmatning ta’kidlashicha, mazkur qaror shaharning muhim chorrahalaridan biri — Muxobirot maydonida qabul qilingan. Unga ko‘ra, Navoiy merosini munosib tarzda ulug‘lash maqsadida katta yer maydoni ajratilgan va bu yerda zamonaviy majmua qurilishi rejalashtirilgan.

— Yangi majmuada Alisher Navoiyning hayot yo‘li, ijodi, davlat arbobi sifatida amalga oshirgan xayrli ishlari to‘g‘risida to‘rt tilda — o‘zbek, ingliz, doriy va pushtuda lavhalar o‘rnatiladi. Shuningdek, maxsus kutubxona ham tashkil etiladi, — dedi shahar rahbari.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yodgorlik qurilishi shahar hokimligi budjetidan moliyalashtiriladi va bir oy ichida to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan. Yodgorlik uchun matnlarni tayyorlash jarayonida Termiz davlat universiteti mutaxassislari ko‘maklashishi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mozori Sharifda Navoiy haykali va yodgorligi butunlay buzib tashlangani haqida xabar tarqalgan edi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston hukumatidan izoh so‘ragandi. Keyinroq «Tolibon» bu ishlar mahalliy hokimiyat tashabbusi bilan amalga oshirilganini ma’lum qildi. Ularga ko‘ra, avvalgi joy Navoiyning buyuk xotirasiga munosib emasligi sababli yodgorlik olib tashlangan va alloma uchun yanada ulkan va ko‘rkam majmua qurish rejasi qabul qilingan.

Shu tariqa, Mozori Sharifda Navoiy nomini ulug‘laydigan va uning ma’naviy merosini kelajak avlodga yetkazadigan yangi yodgorlik yaratish yo‘lida muhim qadam qo‘yildi.

Foto: Dunyo

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Mozori Sharifda Alisher Navoiyga bag‘ishlangan yangi majmua quriladi