date

Eron rasmiysi: Rossiya Isroilga razvedka ma’lumotlarini bergan

Eron rasmiysi: Rossiya Isroilga razvedka ma’lumotlarini bergan

Eronning siyosiy maqsadga muvofiqlikni aniqlash kengashi a’zosi Said Muhammad Sadrning sensatsion bayonoti mintaqaviy va xalqaro siyosiy maydonda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Uning ta’kidlashicha, iyun oyida Eron va Isroil o‘rtasida kechgan 12 kunlik shiddatli to‘qnashuv davomida Rossiya Isroilga Eron havo hujumidan mudofaa tizimlarining joylashuvi haqida razvedka ma’lumotlari bergan. Bu haqda Sadr Synergyir telekanaliga bergan intervyusida ochiq bildirdi, deb yozadi «Kommersant» nashri.

Sadrning fikricha, voqealarning rivojlanishi Rossiya bilan strategik ittifoq haqidagi tasavvurlarni yo‘qqa chiqardi. Uning so‘zlari bilan aytganda: «Moskva bizga faqat og‘zaki ravishda Isroilning Eronga hujumini ma’qullamasligini bildirdi. Ammo amaliy harakatlarda esa aksincha, unga yordam ko‘rsatdi. Bu esa strategik sheriklik haqidagi fikrlarni asossiz qilib qo‘ydi».

Eronlik rasmiy Moskva bilan boshqa davlatlar aloqasiga ham misol keltirdi. «Masalan, Turkiya — NATO a’zosi. NATO qanday tashkilot? Bu tuzilma Rossiyaga qarshi yo‘naltirilgan. Shunga qaramasdan, Moskva Turkiyaga S-400 mudofaa tizimini sotishga rozilik berdi. Bu esa uzoq vaqtdan beri muhokama qilinayotgan “ittifoqchilik” haqida emas, balki faqatgina iqtisodiy manfaatlarga asoslangan hamkorlikdir», — dedi u.

Shu bilan birga, Sadr Moskva va Tehron o‘rtasidagi aloqalarni butunlay uzish tarafdori emasligini ham ta’kidladi. Uning fikricha, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar saqlanib qolishi zarur, ammo Rossiyaga to‘liq ishonish mumkin emas. «Biz real vaziyatni anglashimiz va Rossiyani mutlaq ishonchli hamkor sifatida ko‘rmasligimiz kerak», — deya qo‘shimcha qildi u.

Shu tariqa, Said Muhammad Sadrning gaplari Rossiya va Eron munosabatlari atrofida yangi savollar tug‘dirdi. Mutaxassislar fikricha, bu bayonot nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi strategik munosabatlarga ta’sir ko‘rsatishi, balki mintaqaviy siyosatda yangi o‘zgarishlar boshlanishidan darak berishi mumkin. Ekspertlar va kuzatuvchilar esa Moskva–Tehron munosabatlaridagi bu ziddiyatning qanday oqibatlarga olib kelishini qiziqish bilan kutmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Eron rasmiysi: Rossiya Isroilga razvedka ma’lumotlarini bergan