Toshkentda xususiy uydagi fojia: 6 kishi is gazidan halok bo‘ldi

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida xususiy uyda sodir bo‘lgan fojia oqibatida olti kishi hayotdan ko‘z yumdi. Yana ikki nafar fuqaro og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 25 oktyabr kuni qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan xonadonda yuz bergan. Dastlabki tekshiruvda uyning yerto‘lasiga o‘rnatilgan isitish qozoni xavfsizlik talablariga javob bermagani aniqlangan. Shuningdek, gaz tarmog‘iga belgilangan tartibda texnik shartlarsiz ulanilgani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi Jinoyat kodeksining 116-, 257- va 205-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Hozirda tergov harakatlari Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.
Bosh prokuratura fuqarolarni gaz uskunalari va isitish moslamalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirdi. Mutaxassislar uskunalarni to‘g‘ri o‘rnatish va ularning texnik holatini muntazam tekshirib turish muhimligini ta’kidlamoqda.






























Izohlar 0
…