Ko‘pchilik “firibgarlik” deganda asosan bank kartasi ma’lumotlari o‘g‘irlanishi yoki SMS orqali keladigan kodlarning qo‘lga tushishini tasavvur qiladi. Aslida esa internet orqali amalga oshiriladigan aldov usullari juda ko‘p va xilma-xil. Shu bois, qaysi jins vakillari qaysi turdagi firibgarliklarga ko‘proq ishonib qolishi masalasi ham dolzarb.
Kiberfiribgarlik turlari nimalar?
Birinchi navbatda romantik firibgarliklar (Romance Scams) tilga olinadi. Bu turda firibgarlar tanishuv saytlari yoki ijtimoiy tarmoqlarda soxta profillar yaratib, inson bilan emotsional yaqinlik o‘rnatadi. Ishonch qozongach, kasallik, aviabilet, viza yoki qarindoshining muammosi bahonasi bilan pul so‘raydi. Bu holatda odatda yolg‘izlikdan aziyat chekib kelayotgan insonlar, munosabat izlayotgan katta yoshli kishilar va mehribon, ishonuvchan shaxslar qurbon bo‘ladi. Statistikaga ko‘ra, bu toifada ko‘proq ayollar firibgarlikka uchraydi.
Ikkinchi yirik tur — investitsiya va moliyaviy firibgarliklar. “Oson daromad” va’dasi orqali firibgarlar o‘zini treyder yoki kripto mutaxassis qilib ko‘rsatadi. Ilk tranzaksiyalar muvaffaqiyatli chiqqandek qilinadi, keyinchalik katta mablag‘ talab qilinadi. Bu holatda ko‘proq erkaklar, ayniqsa 30 yoshdan kattalar qurbon bo‘lishadi.
Uchinchi tur — internet savdosi bilan bog‘liq aldovlar. Yolg‘on onlayn do‘konlar orqali arzon tovarlar taklif qilinadi, ammo pul to‘langanidan so‘ng tovar kelmaydi yoki sifatsiz holda yetib keladi. Shuningdek, shaxsiy ma’lumotlar ham o‘g‘irlanishi mumkin.
To‘rtinchi tur — texnik yordam firibgarliklari. Bu usulda firibgar o‘zini Microsoft, Apple yoki bank xodimi deb tanishtirib, “kompyuteringizda virus bor” degan bahona bilan sizdan dastur o‘rnatishni so‘raydi. Keyin pul talab qilinadi yoki qurilmangiz to‘liq nazoratga olinadi. Bu holatda ko‘proq katta yoshdagi insonlar aldanadi.
Jinslar kesimida kim ko‘proq aldanadi?
Avstraliyaning ScamWatch ma’lumotlariga ko‘ra, romantik firibgarliklarda ayollar ulushi 54,9% ni tashkil etgan, erkaklar ulushi esa 43,3%. Zarar summasining 75,3%i ayollarga to‘g‘ri kelgan. Biroq o‘rtacha hisobda erkaklar kattaroq mablag‘ yo‘qotgan. Masalan, 2024-yilda Avstraliyada ayollar romantik firibgarliklardan $20,1 mln, erkaklar esa $13,3 mln zarar ko‘rgan.
Shuningdek, Filippin poytaxti Maniladagi yirik jinoyat ishida 5000 dan ziyod erkak kriptovalyuta orqali tez boyish va’dasi bilan aldangani ma’lum qilingan.
Tadqiqotlar ko‘rsatmoqdaki, emotsional yordam izlayotgan va ruhiy jihatdan zaif insonlar firibgarlik qurboniga aylanish ehtimoli yuqori. Shuning uchun ham romantik firibgarliklarda ko‘proq ayollar, investitsion firibgarliklarda esa ko‘proq erkaklar zarar ko‘rmoqda.
Qisqacha aytganda, kiberfiribgarlik turlari ko‘paygan sari jamiyatning turli qatlamlari uchun xavf ham ortib bormoqda. Shu bois har bir inson internetdagi har qanday “tez foyda” yoki “emotsional yaqinlik” takliflariga nisbatan o‘ta ehtiyotkor bo‘lishi lozim.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!