Pekin shahrida Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80-yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan yirik harbiy parad oldidan Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping hamda Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin orasida qiziqarli suhbat kuzatildi. Bloomberg nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, davlat rahbarlarining nutqidan ayrim parchalar rasmiy translyatsiyaga tasodifan kirib qolgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, suhbat parad boshlanishidan oldin, rahbarlar minbarga ko‘tarilayotgan vaqtda bo‘lib o‘tgan. Shu paytda ularning yonida Koreya Xalq Demokratik Respublikasi yetakchisi Kim Chen In ham hozir bo‘lgan.
Yozib olingan lavha boshida Si Jinping xitoy tilida «hozirgi kunda» va «70 yoshda» degan iboralarni tilga olgani eshitiladi. Ordan ko‘p o‘tmay, Putinning tarjimoni rus tilida so‘zlab: «Ilgari odamlar juda kam hollarda 70 yoshga yetardi. Endi esa 70 yoshda ham seni bola ekaningni aytishadi», degan.
Shundan so‘ng Putinning aniq so‘zlarini anglash qiyin bo‘lgan, ammo xitoylik tarjimon uning fikrlarini Si Jinpingga yetkazarkan, «Zamonaviy biotexnologiyalar taraqqiyoti sababli inson a’zolarini muntazam ko‘chirib o‘tkazish mumkin, odam esa o‘zini yanada yosh his qilishi va hatto umrboqiylikka erishishi mumkin», degan mazmunda tarjima qilgani eshitilgan.
Si Jinping esa bunga javoban: «Olimlarning bashoratlariga ko‘ra, bu asrda odam 150 yoshgacha umr ko‘rishi ehtimoli bor», degan. Shundan so‘ng translyatsiya boshqa rakursga o‘tkazilib, suhbat to‘liq efirga uzatilmagan.
Ma’lumki, har ikki yetakchi — ham Putin, ham Si Jinping hozirda 72 yoshda. Putinning beshinchi prezidentlik vakolati 2030-yilda nihoyasiga yetadi. Ammo Rossiya Konstitutsiyasiga 2020-yilda kiritilgan o‘zgarishlar orqali u yana bir bor saylanish huquqiga ega bo‘lib, 2036-yilgacha davlat rahbari lavozimida qolishi mumkin.Si Jinping esa amaldagi uchinchi prezidentlik muddatini o‘tab kelmoqda va uning vakolati 2028-yilda tugaydi. Shu paytga qadar Xitoyda hech bir rahbar ikki muddatdan ko‘p hokimiyatda turmagani e’tiborga molik holat sifatida qayd etilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!