Isroil havo kuchlari amalga oshirgan havo hujumi Qatar poytaxti Dohada keskin portlashlarga sabab bo‘ldi.
Sabrien News tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, zarbalar Falastinning HAMAS harakatining asosiy qarorgohi bo‘lgan hududga qaratilgan. Qatar markazida o‘ndan ziyod kuchli portlash tovushlari eshitilgani qayd etilmoqda.
Tel-Aviv rasmiylari ham havodan berilgan zarbalarni tasdiqladi. Ma’lum qilinishicha, operatsiya Isroil mudofaa kuchlari va umumiy xavfsizlik xizmati (Shabaq) hamkorligida amalga oshirilgan. Ularga ko‘ra, hujum HAMASning yuqori darajali rahbarlariga qaratilgan, ammo aniq ismlar avvaldan ochiqlanmagan.
Al-Arabiya tarqatgan ma’lumotga asoslanib, Dohadagi havo hujumi natijasida HAMASning G‘azo sektoridagi yetakchilaridan biri Halil al-Hayya hamda tashkilot rahbariyatining yana uch a’zosi halok bo‘lgan.
Shu bilan birga, Isroil hududidagi yadroviy inshootlar ustidan uchuvchisiz samolyotlar orqali yangi tahdid e’lon qilingani haqida ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda HAMAS G‘azo sektori bo‘yicha muzokaralarga tayyorligini bildirgan edi. Biroq ayni paytda Isroil tomoni urush harakatlarini yanada kuchaytirmoqda.
Bu voqea Yaqin Sharqdagi ziddiyatlarni yanada keskinlashtirib, mintaqadagi siyosiy va harbiy vaziyatni yana bir bor jiddiy holatga olib keldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!