date

Tramp Isroilning Qatarga zarbasini «aqlsiz qaror» deb baholadi

Tramp Isroilning Qatarga zarbasini «aqlsiz qaror» deb baholadi

The Wall Street Journal nashri xabar berishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali suhbat chog‘ida Qatar poytaxti Dohada HAMAS rahbarlariga zarba berish qarorini «aqlsiz qadam» deb atagan.

Gazeta manbalariga ko‘ra, zarba berilgan kun ikki davlat yetakchilari orasidagi telefon muloqoti juda keskin kechgan. Netanyahu suhbat paytida Trampga zarba berish uchun juda qisqa imkoniyat bo‘lganini va shu sababli u shoshilinch qaror qabul qilganini aytgan. Shu kunning o‘zida ularning ikkinchi telefon muloqoti nisbatan iliq va do‘stona ruhda o‘tgani qayd etilgan. Manbalarga ko‘ra, Tramp o‘sha paytda Netanyahudan zarba kutilgan natija bergan-bermaganini so‘ragan.

Shu bilan birga, Qatar bosh vaziri Muhammad bin Abdul Rahmon bin Jassim Al Tani CNN telekanaliga bergan intervyusida Isroilning Dohadagi HAMAS yetakchilariga yo‘naltirilgan zarbasi «hozirda garovda saqlanayotgan isroilliklarni ozod qilishga bog‘liq barcha umidni yo‘qqa chiqardi», deya bayonot berdi.

Mazkur voqea xalqaro maydonda keng muhokamalarga sabab bo‘lib, turli mamlakatlar bunga turlicha munosabat bildirmoqda. Ayrim tahlilchilar bu harakat mintaqadagi inqirozni yanada chuqurlashtirishi mumkinligini ta’kidlashmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Isroilning Qatarga zarbasini «aqlsiz qaror» deb baholadi