Polshaning yangi saylangan prezidenti Karol Navrotskiy o‘zining ilk rasmiy tashrifi bilan Berlinga bordi va Germaniyadan Ikkinchi jahon urushi yillarida mamlakatga yetkazilgan ulkan moddiy va ma’naviy zarar uchun tovon puli to‘lashni rasman talab qildi.
Olmon OAV yozishicha, Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer mazkur talabni keskin tarzda rad etgan. Shuningdek, Polsha rahbari Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan uchrashuvi chog‘ida ham ushbu masalani ko‘tardi, ammo kansler ham Berlinning bu boradagi pozitsiyasi o‘zgarmasligini qat’iy ta’kidladi.
Qizig‘i shundaki, muzokaralar yakunida odatga ko‘ra o‘tkaziladigan qo‘shma matbuot anjumani bu safar tashkil etilmadi. Bu holat nemis jurnalistlari tomonidan salbiy baholandi va turli muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Prezident Navrotskiy ijtimoiy tarmoqlarda bergan bayonotida tovon puli masalasi yopilmagani, kelgusida Germaniya bilan bu mavzuda muzokaralar davom ettirilishini bildirdi. Rasmiy Varshava Berlindan 1,3 trillion yevro miqdorida tovon puli talab qilmoqda. Navrotskiyning ta’kidlashicha, bu raqam chuqur va keng qamrovli ilmiy tahlillar asosida hisoblangan.
Eslatib o‘tamiz, Polsha parlamenti 2023-yilda Germaniya va Rossiyadan urush talafotlari uchun tovon puli talab qilish maqsadida maxsus komissiya tashkil etgan edi. 2022-yilda chop etilgan uch jildli hisobotga ko‘ra, 1939–1945-yillarda Polsha natsistlar hujumi va okkupatsiyasi oqibatida 6,2 trillion zlotiy (taxminan 1,3 trillion yevro) zarar ko‘rgan.
Berlin esa tovon puli o‘rniga Polshaga xavfsizlik kafolatlarini taklif qilmoqda. Germaniya hukumatining Polsha masalalari bo‘yicha vakili Knut Abrahamning ta’kidlashicha, Berlin tovon puli to‘lamaydi, ammo Varshavaning xavfsizligini ta’minlashga tayyor.
Shu bilan birga, Germaniya tomoni o‘z dalillarini keltirmoqda: 1953-yilda Polsha parlamenti GFR tomonidan urush zararlarini qoplashga oid majburiyatlar bajarilganini tan olgan. Qolaversa, 1991-yilda ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan yaxshi qo‘shnichilik shartnomasi asosida Polshaga 1,3 milliard yevro ajratilgan.
Bundan avval ham ayrim polyak siyosatchilari tovon puli masalasini ko‘targan. Masalan, deputat Yanush Shevchak zarar miqdorini 900 milliard dollarga baholab, hukumat bu masalada talab qo‘ymaganini sharmandalik deb atagan edi.
Polsha hukumatining rejalariga ko‘ra, Germaniyadan tovon puli masalasi hal etilganidan keyin, Varshava ayni talabni Rossiyaga ham qo‘yishi mumkin. 2023-yilda bu haqda ilk xabarlar paydo bo‘lganida Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Polshaga bunday talabning oqibatlari og‘ir bo‘lishidan ogohlantirgandi.
Shubhasiz, tovon puli masalasi Polsha–Germaniya munosabatlarida eng bahsli va o‘ta murakkab mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!