AQSh BMT Xavfsizlik Kengashida G‘azoda darhol va doimiy o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilgan qarorni yana rad etdi. Qolgan 14 davlat bu hujjatni ma’qullagan. AQSh vakili Morgan Ortagus matn Hamasni ochiq qoralamaganini va Isroilning o‘zini himoya qilish huquqi tan olinmaganini bildirdi.
Qarorda G‘azodagi vaziyat “fojiali” deb ta’riflangan va Isroildan yordamga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash so‘ralgan edi. Ammo AQShning qarshi chiqishi boshqa davlatlar noroziligiga sabab bo‘ldi.
Falastin vakili Riyod Mansur bu qarorni “achinarli” deb atadi. Pokiston va Jazoir vakillari ham norozi bo‘lib, falastinliklardan kechirim so‘rashdi. Ularning fikricha, bu qaror Kengashning vazifasini bajarishiga to‘sqinlik qildi.
Shu paytda G‘azoda Isroil qo‘shinlari hujumni davom ettirmoqda. BMT gumanitar idorasi vaziyatni “falokatli” deb baholadi. Mahalliy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yil oktabrdan beri 65 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!