date

Tehron va Moskva 25 milliard dollarlik atom bloklari qurishiga kelishdi

Tehron va Moskva 25 milliard dollarlik atom bloklari qurishiga kelishdi

Eron poytaxtida atom energetikasi sohasi bo‘yicha yirik kelishuv imzolandi. Tehron va Moskva yangi yadroviy elektr stansiyalari bloklarini qurish haqida shartnoma tuzdi. Qizig‘i shundaki, hujjat BMTning Islom Respublikasiga qarshi sanksiyalari qayta kuchga kirishi mumkin bo‘lgan muddat tugashidan atigi bir kun oldin qabul qilindi. Bu haqda Eron Atom energiyasi tashkiloti (EAET) ma’lumot tarqatdi.

Kelishuv Eronning Iran Hormoz kompaniyasi hamda Rossiyaning «Rosatom» korporatsiyasi tarkibidagi «Rusatom Enerdji Prodjekts» qo‘shma korxonasi o‘rtasida tuzildi. AFP agentligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, shartnoma umumiy qiymati 25 milliard dollar (21 milliard yevro) atrofida baholanmoqda.

Loyiha doirasida har biri 1255 megavatt quvvatga ega bo‘lgan to‘rtta zamonaviy uchinchi avlod energobloklari qurilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida stansiyaning umumiy quvvati 5020 megavattni tashkil etadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, atom bloklari Eron janubidagi Sirik porti hududida, Xormozgan viloyatida 500 gektar maydonda barpo etiladi. EAETning ma’lum qilishicha, obyekt joylashadigan maydon allaqachon tanlab olingan, muhandislik hamda ekologik izlanishlar to‘liq yakunlangan.

Shu paytgacha «Rosatom» rasmiylari bu kelishuv yuzasidan izoh bermadi. Biroq hujjatning qabul qilinishi Eron va Rossiyaning energetika sohasidagi hamkorligini yangi bosqichga olib chiqishi, shu bilan birga xalqaro maydonda keng muhokamalarga sabab bo‘lishi kutilmoqda.

Energiya ta’minoti va yadroviy infratuzilmadagi bu kabi katta qadam nafaqat Eronning ichki ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi, balki mintaqadagi geosiyosiy muvozanatga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tehron va Moskva 25 milliard dollarlik atom bloklari qurishiga kelishdi