28 sentyabr, yakshanba kuni AQSHning Oregon shtati va uning aholisi eng ko‘p bo‘lgan shahri — Portlend rahbariyati mamlakat federal hukumatiga qarshi rasmiy da’vo arizasi bilan chiqdi. Ular prezident Donald Tramp ma’muriyatini ortiqcha vakolatdan foydalanishda aybladi.
Da’vogarlarning bayonotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Oregon Milliy gvardiyasi qo‘shinlarini federal xizmatga chaqirish orqali konstitutsiya qonunlarini buzgan. Bu harakat tartibsizliklarga qarshi chora sifatida asoslantirilgan bo‘lsa-da, shtat advokatlariga ko‘ra, aslida u jamoat xavfsizligini ta’minlashdan ko‘ra, norozilik kayfiyatlarini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Da’vo hujjatlarida qayd etilishicha: «Javobgarlarning provokatsion va nazoratsiz harakatlari xavfsizlikni mustahkamlamaydi, aksincha jamoatchilik orasida yanada ko‘proq noxushlik uyg‘otib, uni xavf ostiga qo‘yadi».
Hujjatda prezident Donald Tramp, mudofaa vaziri Piter Xegset, ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem hamda tegishli federal tuzilmalar javobgar sifatida ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, da’vo arizasi berilgan kunning o‘zida mudofaa vaziri tomonidan maxsus memorandum e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, 200 nafar Oregon Milliy gvardiyasi xizmatchisi «darhol 60 kunlik muddatga federal burchni bajarish uchun chaqirilishi» belgilangan.
Hozirgi kunda masala federal sudda ko‘rib chiqilishi kutilmoqda va AQSH siyosatida yangi tortishuvli jarayonga sabab bo‘lishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!