Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso Yevropa Ittifoqining Ukraina borasidagi yo‘l-yo‘rig‘ini yana keskin tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, «urush yechim emas» va agar Bryussel tinchlik tashabbuslariga ham urushga sarflagani kabi kuch va e’tibor berganida, mojaro ancha avval tugagan bo‘lardi.
Fitso bu fikrlarni Qizil armiyaning Karpat–Dukla operatsiyasiga 81-yil to‘lishiga bag‘ishlangan teledasturda bildirdi. Mazkur operatsiya hozirgi Slovakiya hududini vermaxt qo‘shinlaridan ozod qilishga olib kelgan tarixiy voqea sifatida eslatildi.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, uning hukumatining tashqi siyosatdagi bosh maqsadi — «Rossiya ustidan g‘alaba qozonish» emas, balki «slavyanlar bir-birini o‘ldirishni bas qilishi uchun» Ukrainadagi urushni harchi tezroq tugatishdir. «Mojaro boshlangach, uch oy o‘tmasdanoq uni to‘xtatish mumkin edi. Biroq kimdir buni Rossiyaga qarshi kurashda foyda taqdim etuvchi vaziyatga aylantirishga urina boshladi», — dedi Fitso.
Slovakiya rahbari o‘z mamlakati «hech qanday harbiy avantyuraga tortilishiga» yo‘l qo‘ymasligini qayd etdi. Uningcha, Ukrainadagi to‘qnashuv «bizning urushimiz emas», shu bois Bratislava mojaroni avj oldirish emas, muzokara va kompromiss pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlashi kerak.
Fitso, shuningdek, Yevropa Ittifoqi sammitlarida «Rossiyani qanday mag‘lub etish mumkinligi» haqida gaplar ustun ekaniga ishora qildi. «Bu odamlar urush nimani anglatishini chindan ham tushunadimi? Balki kimdir kelib, Ikkinchi jahon urushi qatag‘on va azob-uqubatlarini yodga solib, nazarni tinchlik tarafga burishi kerakdir», — deya qo‘shimcha qildi bosh vazir.
Shu tariqa, Slovakiya rahbarining pozitsiyasi o‘zgarmas: frontdagi bosimni kuchaytirish o‘rniga diplomatik kanallarni kengaytirish, tinchlikni ustuvor qilish va mojaroni yanada chuqurlashtiruvchi qarorlardan saqlanish.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar