Isroil va XAMAS o‘rtasida Misrda davom etayotgan muzokaralar ijobiy natijalar bermoqda — yaqin ikki kun ichida tomonlar kelishuvga erishishi mumkin. Bu haqda The Times of Israel nashri falastinlik manbaga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, muhokamalarda garovda bo‘lgan 48 nafar insonni ozod etish evaziga taxminan 2000 nafar falastinlik asirni qutqarish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, Isroil armiyasining G‘azo sektoridan qisman chiqib ketishi ham muhokama markazida turibdi.
Muzokaralarning keyingi bosqichlarida esa XAMASning qurolsizlanishi va G‘azoning urushdan keyingi boshqaruv tizimi haqida fikr almashish rejalashtirilgan.
Al Arabiya telekanali bilan suhbatlashgan isroillik manbaning ta’kidlashicha, “tomonlar rejaning ilk bosqichi bo‘yicha ehtiyotkorlik bilan yaqinlashmoqda”, AQSH prezidenti Donald Tramp esa jarayonni tezlashtirish uchun muzokarachilarga bosim o‘tkazayotgani aytilmoqda.
Sky News Arabia telekanali xabariga ko‘ra, Vashingtonning jarayondagi faolligi Qatar va Misrdan olingan “ijobiy signallar” bilan bog‘liq. Manbaga ko‘ra, “muzokaralar yakuniy bosqichga kirganini ko‘rsatuvchi ochiq belgilar mavjud”.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!