date

Isroil tinchlik kelishuvini 47 marta buzgani aytilmoqda

Isroil tinchlik kelishuvini 47 marta buzgani aytilmoqda

G‘azo hukumati matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tinchlik shartnomasi imzolanganidan keyin Isroil tomonidan olib borilgan hujumlar natijasida 38 nafar fuqaro halok bo‘lgan, yana 143 kishi yaralangan.

Bayonnomada qayd etilishicha, “G‘azo sektorida urush tugagani e’lon qilinganidan beri Isroil bir qator qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ydi, hozirga kelib ularning soni 47 taga yetgan”.

Bir kun avval Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu tinchlik kelishuviga qaramasdan, mamlakat G‘azodagi barcha maqsadlariga yetishi, jumladan, HAMASni to‘liq yo‘q qilish niyatidan chekinmasligini ta’kidlagan edi.

Ma’lumot uchun, AQSH prezidentining tashabbusi bilan HAMAS va Isroil o‘rtasida tinchlik muzokaralarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki qadamlar qo‘yilganiga bir necha kun bo‘ldi. Shu davr mobaynida HAMAS asirlarni va halok bo‘lganlarning jasadlarini Isroilga qaytardi, Isroil esa qo‘shinlarini xavfsiz hududlarga olib chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, 13 oktyabr kuni Misrning Sharm ash-Shayx shahrida bo‘lib o‘tgan “Tinchlik sammiti” doirasida AQSH prezidenti Donald Tramp, Misr rahbari Abdulfattoh as-Sisi, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Qatar amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy G‘azodagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan hujjatni imzolagandilar.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil tinchlik kelishuvini 47 marta buzgani aytilmoqda