
Argentina futboli yulduzi Lionel Messining Hindistonning Kalkutta shahriga amalga oshirgan tashrifi kutilmagan tartibsizliklar bilan esda qoldi. Germaniyaning Bild nashri xabar berishicha, dunyo chempionining stadionda qisqa vaqt qolishi ko‘plab muxlislarning qattiq noroziligiga sabab bo‘lgan.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, Messi maydonda bor-yo‘g‘i 20 daqiqa atrofida ko‘rinib, asosan rasmiy shaxslar, siyosatchilar va VIP mehmonlar bilan muloqot qilgan. Bu holatni adolatsiz deb baholagan muxlislar stadionda tartibni buzib, plastik o‘rindiqlarni maydonga otgan va ayrimlari xavfsizlik to‘siqlarini buzib o‘tishga uringan.
Norozilik bildirgan tomoshabinlardan biri Hindistonning ANI axborot agentligiga shunday degan:
“Biz 12 000 rupiy (taxminan 115 yevro) to‘ladik, ammo hatto uning yuzini yaqindan ko‘rish ham nasib qilmadi”.
Yuz bergan voqeadan so‘ng G‘arbiy Bengaliya shtati rasmiylari tomonidan maxsus tekshiruv boshlangani ma’lum qilindi. Hokimiyat bu kabi holatlar qayta takrorlanmasligi uchun tashkiliy kamchiliklar atroflicha o‘rganilishini ta’kidlamoqda.
Ma’lumot uchun, 38 yoshli Lionel Messi ayni paytda Hindiston bo‘ylab gastrol safarida bo‘lib, Kalkuttadan tashqari Haydarobod, Mumbay va Nyu-Dehli shaharlarida turli madaniy, xayriya va sport tadbirlarida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
G‘arbiy Bengaliya bosh vaziri Mamata Banerji esa yuz bergan noxush holat munosabati bilan ham Messidan, ham muxlislardan rasman uzr so‘radi. Shuningdek, voqeani chuqur o‘rganish uchun alohida tergov qo‘mitasi tuzilishi ma’lum qilindi.
Bu hodisa futbol yulduzlarining ommaviy tadbirlardagi ishtiroki qanchalik puxta rejalashtirilishini talab qilishini yana bir bor namoyon etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.