
AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset Amerika armiyasiga yoshlarni yollash jarayonida duch kelinayotgan asosiy qiyinchiliklar haqida ochiq va bahsli bayonot berdi. U Pentagonda rekruterlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bu masalaga to‘xtaldi.
Vazirning aytishicha, mavjud muammolarga qaramay, AQSH Qurolli kuchlariga yangi chaqiriluvchilarni jalb qilish bo‘yicha rekord natijalarga erishilgan. Biroq u bu jarayon oson kechmayotganini ta’kidlab, yoshlar orasida jismoniy va bilim darajasi bilan bog‘liq muammolar ko‘pligini qayd etdi.
“Bilaman, bu oson emas. Asosiy muammolarni hamma biladi: yoshlarning juda katta qismi jismonan tayyor emas yoki bilim darajasi yetarli emas”, — degan Pit Xegset o‘z nutqida.
Dastlab vazirning so‘zlari juda keskin tarzda yangragani jamoatchilikda bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng u o‘z fikrini aniqlashtirib, ishlatilgan iboralar noo‘rin bo‘lganini tan oldi.
“Ahmoq degan ta’rif to‘g‘ri emas. Asl muammo shundaki, ayrim yoshlar yetarli ta’lim olmagan yoki diqqat yetishmasligi va giperaktivlik sindromi kabi muammolarga ega”, — deya izoh berdi vazir.
Pit Xegsetning ta’kidlashicha, AQSH armiyasini to‘ldirish masalasi nafaqat harbiy, balki ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlari bilan ham bevosita bog‘liq. Shu sababli bu muammolarni hal qilish kompleks yondashuvni talab qiladi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.