
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Valdayda joylashgan Vladimir Putin qarorgohiga ehtimoliy hujum haqidagi bayonotlar ortidan davlat rahbarining aniq joylashuvi endilikda jamoatchilik oldida muhokama qilinmasligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, hozirgi vaziyatda prezident qayerda ekaniga oid ma’lumotlar ochiq aytilishidan tiyilinadi.
Peskov, shuningdek, Ukraina dronlari bilan bog‘liq hujum bo‘yicha dalillar ommaga taqdim etilmasligini ma’lum qildi. U mazkur holatni tinchlik muzokaralariga putur yetkazishga qaratilgan “terrorchilik harakati” sifatida baholab, Rossiya tomoni Ukraina bo‘yicha muzokaralarda o‘z pozitsiyasini yanada qat’iylashtirishini aytdi.
Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 29-dekabrga o‘tar kechasi Ukraina tomonidan Novgorod viloyatidagi prezident qarorgohiga 91 ta dron bilan hujum uyushtirishga urinish bo‘lgani, ularning barchasi havo mudofaasi tomonidan yo‘q qilinganini bildirgan edi. Biroq bu bayonot Rossiya Mudofaa vazirligining shu kecha mintaqa ustida 18 ta dron urib tushirilgani haqidagi ma’lumotlari bilan mos kelmadi.
Ma’lum bo‘lishicha, Vladimir Putin mazkur hodisani AQSH prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqotda ham tilga olgan va Rossiyaning Ukraina bo‘yicha yondashuvi qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini aytgan. Keyinchalik Tramp bu voqeani “juda yomon holat” deb baholadi.
O‘z navbatida, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ayblovlarni qat’iy rad etib, hujum haqidagi ma’lumotlarni “Rossiyaning navbatdagi yolg‘oni” deb atadi. Uning fikricha, Moskva bu orqali Kiyevdagi hukumat binolariga ehtimoliy zarbalar uchun asos yaratish va tinchlik muzokaralarini izdan chiqarishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.
Shu tariqa, qarorgoh atrofidagi holat Rossiya–Ukraina mojarosidagi axborot qarama-qarshiligini yanada kuchaytirib, xalqaro maydonda yangi savollar uyg‘otmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.