AQShning Karakasga zarbalaridan so'ng Venesuela favqulodda holat e'lon qildi

3-yanvarga o‘tar kechasi Venesuela poytaxti Karakasda ketma-ket portlashlar yuz berdi. Bir qator OAV shahar ustidan aviatsiya parvoz qilgani, ayrim hududlarda esa elektr energiyasi uzilgani haqida xabar tarqatdi. Rasmiylar sodir bo‘lgan voqealarni AQShning harbiy tajovuzi sifatida baholadi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Associated Press va Reuters guvohlarga tayanib, portlashlar fonida shahar ko‘chalarida odamlar to‘plangani, ijtimoiy tarmoqlarda esa portlashlar, vertolyotlar parvozi aks etgan videolar tarqalayotganini yozdi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, yirik harbiy baza joylashgan Karakasning janubiy qismi elektrsiz qolgan.
Guvohlar Fuerte-Tiuna harbiy bazasi atrofida portlash tovushlari uzoq davom etgani va juda kuchli bo‘lganini bildirmoqda. The New York Times ushbu hududda mamlakatning yuqori harbiy rahbariyati hamda hukumat a’zolari joylashgani haqidagi OAV ma’lumotlarini keltirdi.
Venesuela axborot vazirligi tarqatgan bayonotda zarbalar Karakasdagi “fuqarolik va harbiy hududlar”, shuningdek Miranda, Aragua va La-Guayra shtatlariga qaratilgani aytiladi. Rasmiylar hujum ortida Venesuelaning strategik resurslari, ayniqsa neft va minerallarni egallash, shuningdek mamlakat siyosiy mustaqilligini izdan chiqarish maqsadi turganini ta’kidladi.
Hukumat mamlakatdagi “barcha ijtimoiy va siyosiy kuchlar”ni AQShning “imperialistik hujumi”ga qarshi birlashishga chaqirdi.
CBS News AQSh rasmiy doiralaridagi manbalarga tayanib, Venesuela hududiga zarba berish buyrug‘ini go‘yoki prezident Donald Tramp berganini ma’lum qildi. Oq uy esa rasmiy izoh berishdan bosh tortdi.
The New York Times yozishicha, Pentagon vakili portlashlar bo‘lganini tasdiqlagan, biroq ularning sabablariga izoh bermagan. CBS News ma’lumotiga ko‘ra, operatsiya bo‘yicha qaror bir necha kun oldin qabul qilingan, Rojdestvo davrida hujum varianti ham ko‘rib chiqilgan, ammo boshqa harbiy operatsiyalar va ob-havo sharoiti sabab zarba keyinga qoldirilgan.
Voqeadan bir necha soat avval Venesuela prezidenti Nikolas Maduro teleintervyuda AQSh bilan hamkorlikka tayyorligini bildirgan edi. U AQSh xalqini Venesuelaning “do‘sti” deb atab, giyohvandlik savdosiga qarshi kurash va neft sohasida hamkorlik qilish mumkinligini aytgan.
AQSh zarbalaridan so‘ng Nikolas Maduroning qayerdaligi noma’lum. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, uning atrofidagilarning bir qismi xavfsiz joyda. Shuningdek, Venesuela mudofaa vaziri Vladimir Padrino Lopes hujum paytida Tiuna aviabazasida bo‘lgani aytiladi, hozircha uning ahvoli bo‘yicha rasmiy ma’lumot yo‘q.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!