Maduro qayerda ekani bo'yicha yangi ma'lumotlar tarqaldi

2026 yil 3 yanvar kuni (Toshkent vaqti bilan) AQSh prezidenti Donald Tramp rasmiy bayonot berib, Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroning asirga olinganini ma'lum qildi. Yirik xalqaro OAVlarga ko'ra, bu voqea oldindan puxta tayyorlangan maxsus amaliyot natijasi bo'lgan va vazifa AQSh quruqlik qo'shinlarining “Delta” elit bo'linmasiga topshirilgan. Bu haqda upl.uz xabar beradi.
Maduro ushlanganiga oid xabarlar fonida uning yaqin doirasidagi ayrim yuqori lavozimdagilar halok bo'lgani haqidagi gap-so'zlar ham tarqaldi. Dastlabki ma'lumotlarda hatto Venesuela mudofaa vaziri amerikalik maxsus kuchlar bilan to'qnashuvda yo'q qilingani aytilgan, biroq bu xabarlar tez orada shubha ostiga olindi.
Oradan ko'p o'tmay, Venesuela mudofaa vaziri omma bilan bevosita aloqaga chiqib, tirik ekanini va ish faoliyatini davom ettirayotganini bildirdi. U Vashingtonga nisbatan keskin ohangda bayonot berib, qurolli kuchlar to'liq safarbar qilinganini va uzoq muddatli qarshilikka tayyorligini ta'kidladi.
Hozircha mintaqadagi vaziyat o'ta tarangligicha qolmoqda. Vashington Maduroning haqiqatan ham jismonan qo'lga olinganini tasdiqlovchi qo'shimcha dalillarni taqdim etmadi, Venesuela tomoni esa keng ko'lamli mudofaa urushiga tayyor ekanini namoyish qilmoqda.
OAVlar Maduroning AQSh hududida bo'lishi mumkinligini yozmoqda, biroq Venesuela prezidenti aynan qayerda saqlanayotgani hozircha ochiqlanmadi. Xabarlarda tilga olingan “Delta” (1st Special Forces Operational Detachment-Delta) bo'linmasi esa 1977 yilda tuzilgach, uzoq yillar rasman tan olinmagan, uning amaldagi operatsiyalari hanuz eng maxfiy davlat sirlaridan biri bo'lib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!