date

Tafsilotlar: Venesuela prezidenti qanday qilib asirga olindi?

Tafsilotlar: Venesuela prezidenti qanday qilib asirga olindi?

AQSH shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi boshlig‘i general Den Keyn prezident Donald Tramp bilan qo‘shma matbuot anjumanida Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish operatsiyasi qanday o‘tgani haqida gapirib berdi. Operatsiya 2 yanvardan 3 yanvarga o‘tar kechasi o‘tkazilgan, deb xabar beradi Kun.uz nashri.

Amaliyot qanday tayyorlangan?

Keynning so‘zlariga ko‘ra, ushbu amaliyotga tayyorgarlik ko‘rish taxminan bir oy muqaddam boshlangan. Undan oldin esa razvedkachilar uzoq vaqt davomida ish olib borishgan: razvedka Maduro qayerda va qanday yashashi, uning odatlari haqida ma’lumot to‘plagan. The New York Times manbalariga ko‘ra, sun’iy yo‘ldosh va dronlar orqali olingan ma’lumotlar Venesueladagi, jumladan, Maduroning atrofidagi manbalar yig‘gan ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, amerikalik harbiylar ushbu ma’lumotlar asosida Maduroning qarorgohining nusxasini qurishgan va u yerda uni qanday qo‘lga olish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazishgan.

Tayyorgarlik ishlari yakunlanganida, amaliyotni kechiktirib turishga qaror qilingan, chunki Karakas osmoni o‘sha kunlarda ochiq bo‘lgan, bunday ob-havo sharoitida esa Amerika kuchlarini muddatidan ancha oldin payqab qolishlari mumkin edi. Va faqat 3 yanvarga o‘tar kechasi osmon bulut bilan qoplangan.

Tramp shaxsan buyruq bergan

Prezident Trampning shaxsiy buyrug‘i bilan bir vaqtning o‘zida 20 ta bazadan va aviatashuvchilardan 150 dan ortiq jangovar va razvedkachi samolyotlar, jumladan, F-35 qiruvchilari va B-1 rusumli strategik bombardimonchilar havoga ko‘tarilgan.

Ko‘p o‘tmay amaliyotga 160-maxsus operatsiyalar aviatsiya polkining CH-47 Chinook va CH-53 Sea Stallion vertolyotlari amaliyotga qo‘shilgan. Bu guruh tarkibida armiyaning Delta Force nomli maxsus topshiriqli kuchlari hamda adliya vazirligining kuchishlatar bo‘linmasi jangchilari Karakas tomon uchgan. Bu amaliyot rasman og‘ir jinoyatlarda ayblanayotgan Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Floresni qo‘lga olish amaliyoti deb baholangan.

Vertolyotlar dengiz ustida 30 metr atrofidagi balandlikda uchishgan. Ular Karakasga yaqinlashganida, aviatsiya kuchlari qo‘lga olish guruhi xavfsiz parvoz qilishini ta’minlash uchun La-Guayra portidagi, shuningdek, Venesuela poytaxtini sohildan to‘sib turuvchi La-Karlota va Igerota aeroportlaridagi havo hujumidan mudofaa obyektlariga zarbalar yo‘llagan.

Maduroning qarorgohidagi voqealar

Vertolyotlar o‘qqa tutilgan. Ulardan biri shikastlangan va aviatashuvchi bortiga qaytgan. Boshqa vertolyotlar esa javob zarbalari bilan o‘t ochish nuqtalarini bostirishgan.

Shundan keyin qo‘lga olish guruhi Venesuela prezidenti qarorgohiga bostirib kirgan. Hudud osmonini Amerika aviatsiyasi nazorat qilgan, razvedkachi samolyotlar yerdagi vaziyatni kuzatib turishgan. Maxsus topshiriqli kuchlar Maduro va Floresni ularning yotoqxonasida qo‘lga olishgan. Bu vaqtda ular uyquda edi.

Guruh ortga qaytayotganida qo‘riqchilar bilan otishma kelib chiqqan. Samolyot va dronlar havodan zarbalar yo‘llagan. Bir necha daqiqadan keyin qo‘lga olish guruhi Maduro va rafiqasini vertolyotga olib chiqqan va voqea joyidan uchib ketgan. Amerikalik harbiy xizmatchilar orasida yo‘qotishlar yo‘q, faqat bir necha kishi jarohat olgan.

Tramp, davlat kotibi Marko Rubio, mudofaa vaziri Pit Hegset, prezidentning ichki xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Stiven Miller va ma’muriyatning boshqa a’zolari, shuningdek, shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Den Keyn Trampning Floridadagi qarorgohida jihozlangan maxsus xonada Karakasda bo‘layotgan voqealarni jonli efirda kuzatib turishgan.

Maduro sud qilinadi

Vertolyotlar AQSH harbiy dengiz kuchlarining «Ivodzima» desant kemasi palubasiga qo‘ngan. Ko‘p o‘tmay Tramp Maduroning kishanlangan, quloqchin va atrofni ko‘rsatmaydigan qora ko‘zoynak taqilgan holda tushgan suratini namoyish etdi. «Ivodzima» Amerikaning Guantanamodagi bazasiga qarab suzgan. U yerdan Maduro va rafiqasi Federal qidiruv byurosi samolyotida Nyu-Yorkka olib kelindi. Keyingi haftada ular bu yerda sud qilinadi.

AQSH bosh prokurori Pem Bondining so‘zlariga ko‘ra, Nikolas Maduro va Siliya Floresga nisbatan Nyu-York Janubiy okrugida rasmiy ayblov qo‘yilgan. Xususan, Maduro narkoterrorizm maqsadida til biriktirish, AQSHga kokain olib kirish, shuningdek, mamlakatga qarshi qo‘llash maqsadida qurol va portlovchi qurilmalarni saqlashda ayblanmoqda.

Tramp g‘alabani e’lon qildi

AQSH prezidenti Truth ijtimoiy tarmog‘ida Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olingani va Venesueladan olib chiqilganini, endi Venesuela bo‘ylab boshqa zarba berilmasligini ma’lum qilgan.

Keyinroq u matbuot anjumanida operatsiya tafsilotlari, Maduro va Venesuela kelajagi borasida qator bayonotlar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, amaliyot chog‘ida butun Karakasda elektr o‘chirib qo‘yilgan.

Tramp hokimiyat xavfsiz, munosib va oqilona tarzda boshqa qo‘lga o‘tguniga qadar Venesuela AQSH tomonidan boshqarilishini ta’kidlagan. Shuningdek, u AQSH Venesuela neft sanoati uchun sarmoya kiritishini qayd etgan.

«Biz Venesuela xalqini boy, mustaqil qilamiz. Ularni baxtli qilamiz. Venesuela barcha imkoniyatlarga qaramasdan, deyarli neft qazib olmagan. AQSHdagi yirik kompaniyalar u yerga boradi va neft infratuzilmasini tiklash uchun milliardlab dollar sarflaydi», – deydi AQSH yetakchisi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Tafsilotlar: Venesuela prezidenti qanday qilib asirga olindi?