date

"Venesuela operatsiyasi": tahlilchilar qanday munosabat bildirishmoqda?

"Venesuela operatsiyasi": tahlilchilar qanday munosabat bildirishmoqda?

3 yanvar kuni Venesuela poytaxti Karakasda va boshqa hududlarda portlashlar sodir bo‘ldi. AQSH prezidenti Donald Trampning farmoniga ko‘ra, Venesuelada harbiy amaliyot boshlandi. Tramp o‘z ijtimoiy tarmoq sahifasida Venesuela obyektlariga zarba berilganini va prezident Nikolas Maduro hamda uning rafiqasi qo‘lga olinganini tasdiqladi. AQSH davlat kotibi o‘rinbosari Kristofer Landau Venesuelada Maduro hokimiyati tugatilgani va uning jinoyatlari uchun sudga berilishi haqida bayonot berdi.

Venesuela tashqi ishlar vazirligi esa AQSHni xalqaro huquqni buzganlikda aybladi va BMT Xavfsizlik kengashidan chora ko‘rishni so‘radi. AQSH, Venesuela orqali narkotrafikning xavfli bo‘lgani va uning AQSH xavfsizligiga ta’sirini ta’kidlab, Maduroning korrupsiya va narkotrafikka aloqadorligini ayblamoqda.

O‘zbekistonlik tahlilchi va ijtimoiy tarmoq faollari Donald Trampning Venesuelada amalga oshirgan harakati xalqaro huquqqa zid ekaniga e’tibor qaratmoqda.

Farhod Karimov shunday deb yozdi: «Kuppa-kunduz bir davlatning rahbarini o‘g‘irlab ketishdi. Bu hech qaysi mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Uning motivini tushundik, lekin bunday usul bilan xohlagan ish qilish oqibatini anglashmaganini tushunmadim. Hamma xohlagan ishini qilishi mumkin endi. Oqibati AQSHning o‘ziga qarshi ishlaydi. Tramp nazoratni yo‘qotdi».

Otabek Akromov esa: «Katta davlatlar birin-ketin o‘z qudratini namoyish qilmoqda. Endi navbat Xitoyning Tayvanga hujumigami?» deb savol qo‘ydi.

Muxtor Nazirov: «Amaldagi strategiya Venesuelada siyosiy hokimiyatni almashtirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin» deb qayd etdi.

Muhrim A’zamxo‘jayev: «Afsuski, mana shunaqa zo‘ravonlar zamonida yashayapmiz. Aql, fikr kuchi emas, bilak kuchi hal qilyapti hammasini. Venesueladan keyingi nishon Eron bo‘lsa kerak. Rosa qaynab turibdi hozir.»

Botir Qobilov: «Venesuela qirg‘oqlarida qayiqda ketayotganlarni hech qanday dalil-sud-hukmlarsiz bular narkoterroristlar edi deb bombardimon qilish bilan to‘xtab qolishmasdi-ku. Tinchlik bo‘yicha Nobelni menga beringlar emish yana.»

Muhammadqodir Sobirov esa: «Tramp yana bir oycha kutib, 24 fevralda Venesuelaga bostirib kirganda, o‘zini oqlashga yaxshigina ramz yaratardi.»

Telegramdagi «Strategic Focus: Atlantic» kanali: «Shunday qilib, dunyo neftining 16 foizi AQSH nazoratiga o‘tdi,» deb xulosa qildi.

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro 2013 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan bo‘lib, 2024 yil iyul oyida prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganini e’lon qilgach, xalqaro hamjamiyat noroziligiga uchragan edi. AQSH Maduroni qo‘lga olganlik uchun 50 million dollar mukofot puli e’lon qilgan.

Shuningdek, Trampning Venesueladagi harbiy harakatlari dunyodagi global siyosatni yanada murakkablashtirishi va yangidan yangi geosiyosiy nizolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » "Venesuela operatsiyasi": tahlilchilar qanday munosabat bildirishmoqda?