date

Nyu-Yorkda Maduro ayblovni rad etdi, Karakasda Rodriges qasamyod qildi

Nyu-Yorkda Maduro ayblovni rad etdi, Karakasda Rodriges qasamyod qildi

AQSH tomonidan qo‘lga olingan Venesuela rahbari Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores Nyu-York Janubiy okrug federal sudidagi dastlabki majlisda o‘zlariga qo‘yilgan barcha ayblovlarni qat’iy rad etdi. Ularga, xususan, «narkoterrorizm» bo‘yicha ayblov qo‘yilgan bo‘lib, keyingi sud majlisi 17 mart kuniga belgilandi.

Shu paytning o‘zida Karakasda siyosiy sahna keskin burildi: vitse-prezident Delsi Rodriges vaqtincha davlat rahbari sifatida qasamyod qabul qildi. Bu qadam Maduro qo‘lga olinganidan keyin mamlakatda “boshqaruv bo‘shlig‘i” paydo bo‘lmasligi uchun amalga oshirilgani ta’kidlanmoqda.

Suddagi birinchi manzara: kishan, konvoy va keskin bayonotlar

Ma’lumotlarga ko‘ra, Maduro va Flores sud binosiga vertolyot orqali olib kelingan, ularga AQSH giyohvand moddalarga qarshi kurash tizimi xodimlari hamrohlik qilgan. Ommaviy suratlarda ular kishanlangan, mahbuslar uchun xos och rangli formada ekani ko‘rinadi. Ayblov xulosasida narkoterrorizm maqsadida til biriktirish, avtomatik qurol va portlovchi qurilmalar bilan bog‘liq bandlar ham tilga olingan.

Amerika OAVlari yozishicha, Maduro sudda tarjimon orqali ispan tilida gapirgan va o‘zini “qonuniy prezident” deb atagan, hatto “harbiy asir” degan iborani ishlatgani ham qayd etilgan. Uning advokati sifatida Barri Joel Pollak ishtirok etayotgani, ishni esa 92 yoshli sudya Elvin Hellerstin ko‘rib borayotgani aytilmoqda.

Karakasda qasamyod va «Vamos Nico» shiori

Venesuelada esa Milliy assambleyada Delsi Rodriges vaqtincha prezident sifatida qasamyod qabul qildi. Marosimni parlament spikeri, uning akasi Xorxe Rodriges olib borgani xabar qilindi. Shu yig‘inda Maduroni qo‘llab-quvvatlovchi «Vamos Nico» («Olg‘a, Niko!») shiorlari yangragani, hatto Assambleya Maduroning rafiqasi Siliya Floresning bo‘sh o‘rni ko‘rsatilganda ham uni olqishlagan.

Assambleyadagi shovqin Maduroning o‘g‘li – Venesuela parlamenti a’zosi Nikolas Maduro Gerraning nutqi boshlanganida tinchidi, u ota-onasi Venesuelaga «qaytishi» haqida gapirgan.

U, shuningdek, Rodrigesni «so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashi»ni bildirgan. «Menga ishonavering. Mening oilamga ishoning», – degan unga Nikolas Maduro Gerra.

Tramp signali va Rodrigesning javobi

Oldinroq Donald Tramp Delsi Rodriges AQSH bilan hamkorlikdan bosh tortsa, “juda og‘ir oqibatlar” bo‘lishini aytgan.

«Agar u to‘g‘ri yo‘l tutmasa, katta to‘lov qilishiga to‘g‘ri keladi, balki Maduronikidan ham», – degandi Tramp.

O‘z navbatida, Delsi Rodriges AQSH prezidentiga murojaat qilib, Vashingtonni hamkorlikka chaqirgan va Venesuela «tinchlikka va tinch-totuv yashashga sodiqligini tasdiqlashi»ni qayd etgan.

«Prezident Donald Tramp, xalqlarimiz va mintaqamiz urushlarga emas, tinchlik va muloqotga loyiq. Venesuelaning tinch yashashga, rivojlanishga, suverenitet va kelajakka haqqi bor», – degan u.

Tramp yana bir bor mamlakatning muvaqqat prezidenti Delsi Rodriges Oq uy bilan hamkorlik qilishini aytdi. Agar hamkorlik to‘xtatiladigan bo‘lsa, AQSH yana kuch ishlatishi mumkinligiga ishora qilgan. «Biz buni qilishga tayyormiz. Aslida, biz shunday qilishni [Nikolas Maduro o‘g‘irlangach, Venesuelaga qo‘shin jo‘natish] mo‘ljallagan edik», – degan u.

BMT maydoni: bahs, tanqid va xavotir

Venesueladagi amaliyot BMT Xavfsizlik Kengashida ham favqulodda muhokamaga sabab bo‘ldi: bir tomon “noqonuniy qurolli hujum” deya baholasa, AQSH tomoni buni “qonun ustuvorligi” bilan izohlagani aytilmoqda. Kuba tomoni esa amaliyot paytida 32 fuqarosi halok bo‘lganini tasdiqlagan. Kuba kuchlari Nikolas Maduro xavfsizligini ta’minlashga jalb qilingandi.

«Vatandoshlarimiz o‘z burchlarini sharaf va qahramonlik bilan bajardilar va qattiq qarshilik ko‘rsatib, hujum qilganlarga qarshi to‘g‘ridan to‘g‘ri jangda yoki bombardimon natijasida halok bo‘ldilar», – deyiladi Kuba hukumati bayonotida.

Dunyo reaksiyasi ham bir xil emas: ayrim davlatlar bu holatni xalqaro huquq uchun xavfli pretsedent deyishyapti, Venesuelaning ayrim ittifoqchilari esa Maduro va Floresni ozod qilishga chaqirgan.

Venesuelaning BMTdagi doimiy vakili Samuel Monkada Venesuela «yuridik asosga ega bo‘lmagan noqonuniy qurolli hujum» nishoniga aylangani haqida gapirdi. U AQSHni «BMT nizomini qo‘pol ravishda buzish»da ayblagan. Monkadaning ta’kidlashicha, bu Venesuelaning tabiiy resurslarini qo‘lga kiritish niyatida bo‘lgan Qo‘shma Shtatlarning «ochko‘zligi» tufayli sodir bo‘lgan.

Qo‘shma Shtatlarning BMTdagi doimiy vakili Maykl Uolts AQSH «qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan jarrohlik amaliyoti» o‘tkazganini aytgan. U Maduroni «noqonuniy prezident» va «qonun tashqari» deb atagan.

Daniyaning BMTdagi doimiy vakili Kristina Markus Lassen «chuqur xavotir» bildirib, «chegaralar daxlsizligi muhokama qilinmasligi»ni qo‘shimcha qildi. Bu Tramp AQSHga «milliy xavfsizlik manfaatlari uchun Grenlandiya kerakligi»ni yana bir bor ta’kidlashi ortidan sodir bo‘ldi.

Endi nimani kuzatamiz?

Hozirgi ssenariyda eng muhim nuqtalar uchta:

  1. 17 martdagi navbatdagi sud majlisi — himoya tomoni qanday strategiya tanlaydi va ish qaysi yo‘nalishga buriladi.
  2. Karakasdagi vaqtincha hukumatning legitimlik va barqarorlik masalasi — ichki siyosiy front qay tarzda shakllanadi.
  3. BMT va xalqaro maydonda bosim kuchayadimi-yo‘qmi — bu keyingi haftalarda diplomatik “havo”ni belgilab beradi.

Har qalay, vaziyat tez sovib ketadigan janr emas — bu serialning “keyingi seriyasi” aynan martda, sud zalidan boshlanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Nyu-Yorkda Maduro ayblovni rad etdi, Karakasda Rodriges qasamyod qildi