Volfgang Ishinger: Rossiya bilan muzokaralar hozircha ma’noga ega emas

Myunxen xavfsizlik konferensiyasining raisi vazifasini vaqtincha bajarayotgan Volfgang Ishinger 9-yanvar kuni, Reuters agentligiga bergan intervyusida Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralarning hozirgi paytda ma’nosiz ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning yuqori lavozimli siyosatchilari bir necha marotaba Yevropani “AQSHning shunchaki vassallari” deb atagan, shuning uchun hozirda Yevropa davlatlariga Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara olib borishni taklif qilish ma’qul emas.
Ishinger 2026 yilning 13-15 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan Myunxen xavfsizlik konferensiyasiga Rossiya vakillarini taklif qilishni rad etgan. Uning aytishicha, Rossiyaning hozirgi hukumati vakillarini konferensiyada ko‘rishning ahamiyati yo‘q, chunki ular baribir qarsaklar bilan emas, balki qarshi pozitsiya bilan kutib olinishadi.
Shu bilan birga, Ishinger kelajakda Rossiya bilan muzokaralar uchun imkoniyatlar paydo bo‘lishiga umid qilgan. Uning fikricha, Germaniya yoki Yevropa davlatlari bilan Rossiya o‘rtasidagi mazmunli va samarali muzokaralar qaytadan boshlansa, bu Myunxen xavfsizlik konferensiyasiga Rossiya vakillarini taklif qilish uchun yo‘l ochishi mumkin.
Ishinger, shuningdek, Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara o‘tkazish taklifini ham shubha bilan qabul qildi. Biroq, u Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilash imkoniyatlari borligini tan oladi.
Myunxen xavfsizlik konferensiyasining yangi raisi, NATO sobiq bosh kotibi Yens Stoltenberg bo‘ladi. Ammo 2026 yilgacha forumga Volfgang Ishinger rahbarlik qiladi, u 2008-2022 yillarda konferensiyani boshqargan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!