Tramp 8 iyul kuni o‘zga sayyoraliklar haqida bayonot berishi ma’lum bo‘ldi

AQSH prezidenti Donald Tramp insoniyatning o‘zga sayyoraliklar bilan aloqalari haqida “tarixdagi eng muhim bayonot”ni e’lon qilishni rejalashtirayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu ma’lumotni hujjatli filmlar rejissyori Mark Kristofer Li Tramp ma’muriyatiga yaqin bo‘lgan manbaga tayanib aytgan. Xabar Daily Star nashrida keltirilgan.
Lining ta’kidlashicha, Tramp bu mavzuda chiqish matnini oldindan tayyorlab qo‘ygan. Insayderning gapiga ko‘ra, bayonot e’lon qilingach, “insoniyat abadiy o‘zgaradi” va aytiladigan ma’lumotlar shunchaki taxmin yoki qo‘rqitish emas, balki “mutlaq haqiqat” sifatida qabul qilinishi mumkin.
Eng qiziq joyi — sana masalasi. Manba nutq uchun kun allaqachon tanlanganini, bu qaror “tasodifiy emas”ligini urg‘ulagan. Gap 2026 yil 8 iyul sanasi haqida ketmoqda. Xabarda bu sana AQSHda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionati bilan bog‘langani aytilgan.
Shuningdek, Li 79 yil avval aynan shu kunda Rozuell (Rouell) voqeasi sodir bo‘lganini eslatadi. O‘shanda AQSH armiyasi Nyu-Meksiko shtatidagi Rozuell shahri yaqinida “uchar disk” topilgani haqida rasman ma’lumot bergan, keyinchalik esa bu bayonot o‘zgartirilib, hududdan SSSR yadroviy sinovlarini kuzatishda qo‘llanilgan balandlik aerostati qoldiqlari topilgani haqidagi versiya ommaga taqdim etilgan.
Natijada, Rozuell voqeasi atrofida o‘nlab yillar davomida turli qarashlar va fitna nazariyalari yashab keladi. Endi esa ayrim manbalar Tramp aynan shu simvolik sanada katta bayonot bilan chiqib, butun dunyo kun tartibini keskin o‘zgartirishni ko‘zlayotganini iddao qilmoqda.
Albatta, hozircha bu xabarlar rasmiy tasdiq olmagan. Lekin bitta narsa aniq: 8 iyul yaqinlashgan sari ushbu mavzu atrofidagi qiziqish ham, bahslar ham yanada qiziydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!