Hindistonda keksalarga pul evaziga suhbatdosh va hamroh topib beruvchi xizmatlar paydo bo‘lmoqda

Hindistonda keksalarga pul evaziga suhbatdosh va hamroh topib beruvchi xizmatlar paydo bo‘lmoqda
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Hindistonda oilalarning kichrayishi va yoshlarning uzoqlashishi oqibatida yolg‘iz qolayotgan keksalar uchun pulli hamrohlik xizmatlari rivojlanmoqda.
  • Mumbay shahrida bir soatlik hamrohlik xizmati uchun 2 500–4 000 rupiy to‘lanadi va bu jarayonda ElderAid Wellness kompaniyasining Care Friend kabi loyihalari suhbatlashish, sayr qilish yoki kinoga borish kabi xizmatlarni taklif etadi.

Hindistonda yolg‘iz yashayotgan keksalar uchun pulli hamrohlik xizmatlari rivojlana boshladi. Endi yoshi katta insonlar suhbatlashish, birga choy ichish, sayr qilish yoki kinoga borish uchun maxsus hamroh yollashi mumkin.

The Economic Times nashrining yozishicha, mamlakatda oilalarning kichrayishi va yoshlarning ota-onalaridan uzoqda yashashi oqibatida yolg‘iz qolayotgan keksalar soni ortmoqda. Shu bilan birga, ularni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan ijtimoiy xizmatlar hali yetarli darajada rivojlanmagan.

Masalan, Mumbay shahrida yolg‘iz yashovchi keksa inson bir soatlik hamrohlik xizmati uchun 2 500–4 000 rupiy (taxminan 26–42 dollar) to‘lashi mumkin. Buning evaziga hamroh u bilan suhbatlashadi, hikoyalarini tinglaydi, birga choy ichadi yoki sayr va kinoga boradi.

Mamlakatda bunday xizmatlarni taklif qiluvchi turli loyihalar ham paydo bo‘lmoqda. Jumladan, ElderAid Wellness kompaniyasining Care Friend xizmati keksalarga suhbat, sayr, kino va sevimli mashg‘ulotlarida hamrohlik qiladi. Boshqa loyihalar esa katta yoshdagilar uchun uchrashuvlar, mashg‘ulotlar va jamoaviy tadbirlar tashkil etmoqda.

Shunga qaramay, ekspertlar bu yo‘nalishni barqaror biznesga aylantirish oson emasligini ta’kidlamoqda. Sababi, ko‘plab keksalar yolg‘izlikdan xalos bo‘lish uchun begona insonga pul to‘lashga ikkilanadi. Ayrim oilalar esa hissiy qo‘llab-quvvatlashdan ko‘ra tibbiy xizmatlarga ko‘proq mablag‘ ajratishni ma’qul ko‘radi.

BMT prognozlariga ko‘ra, 2050 yilga borib dunyoda 60 yosh va undan katta insonlar soni ikki barobar ko‘payib, 2,1 milliard nafarga yetadi. UNFPA prognoziga ko‘ra, shu davrda Hindistondagi keksalar soni ham 347 million nafarga yetishi mumkin.

Bu esa kelajakda yoshi katta insonlarning nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy va ruhiy qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan ehtiyoji ham ortib borishini ko‘rsatadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar