Bozorda sotuvchiga qalbaki pullar berilgani aytilmoqda (video)

O‘zbekistondagi bozorlardan birida sotuvchi qalbaki banknotalar bilan aldangani haqida xabar tarqaldi. Videoda xaridor tomonidan berilgan pullar orasida haqiqiy banknotalar bilan birga soxta kupyuralar ham borligi aytiladi. Tasvirda soxta 200 ming so‘mlik banknota ko‘rsatilgani, sotuvchi sherigidan bunday pullardan nechta ekanini so‘raganida u esa to‘rtta deb javob bergani aks etgan. Soxta kupyuralarning tashqi ko‘rinishi asl pullarga o‘xshashligi sababli ularni bir qarashda farqlash qiyin bo‘lgani aytilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan hozircha voqea sodir bo‘lgan bozor, yetkazilgan zarar miqdori va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ko‘rilgan choralar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Mutaxassislar avvalroq qalbaki pullarni aniqlashda banknotaning himoya ipi, seriya raqamlari va bo‘rtma tasvirlariga e’tibor berishni tavsiya qilgan. Shuningdek, kupyurani qo‘l bilan ushlab ko‘rish va zarur hollarda maxsus vositalar yordamida tekshirish ham muhim.
Fuqarolarga naqd pul qabul qilishda ehtiyotkor bo‘lish, banknotalarni birma-bir tekshirish va hisob-kitob vaqtida pullarni xaridorning ko‘z o‘ngida sanab olish tavsiya etiladi. Agar kupyuraning haqiqiyligiga shubha tug‘ilsa, uni muomalaga kiritmasdan, tekshiruv uchun bankka topshirish maqsadga muvofiq.






























Izohlar 0
…