Ronalduning butun dunyoni yig‘latgan vidolashuv nutqi: Portugaliya xalqiga yurak so‘zlari

Ronalduning butun dunyoni yig‘latgan vidolashuv nutqi: Portugaliya xalqiga yurak so‘zlari
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • 41 yoshli futbol afsonasi Krishtianu Ronaldu 23 yillik faoliyatidan so‘ng Portugaliya milliy terma jamoasidagi o‘yinlarini yakunlashga qaror qildi.
  • 2003-yil 20-avgustda Qozog‘istonga qarshi o‘yinda debyut qilgan hujumchi jami 234 ta uchrashuvda 146 ta gol urib, jahon rekordini o‘rnatdi.
  • Ronaldu o‘z murojaatida Yevro-2016 chempionligi va Millatlar ligasidagi g‘alabalarni eslab, endi estafetani yangi avlodga topshirish vaqti kelganini ta’kidladi.

Saudiya Arabistonining «An-Nasr» klubi hujumchisi, futbol afsonasi Krishtianu Ronaldu Portugaliya milliy terma jamoasidagi faoliyatini yakunlash bo‘yicha qabul qilgan qarori hayotidagi eng og‘ir tanlovlardan biri bo‘lganini ochiqladi. 41 yoshli to‘purar o‘zining ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifasida maxsus emotsional videomurojaat e’lon qilib, olis 2003 yilda boshlangan ulug‘vor sayohatga nuqta qo‘yish va estafetani yangi avlodga topshirish fursati yetganini bildirdi.

Ronaldu o‘z nutqida bu qaror shunchaki sport mantig‘i emas, balki yurak amri bilan qabul qilinganini ta’kidlab, butun Portugaliya xalqi va millionlab muxlislariga minnatdorchilik izhor etdi.

«Futbol — shunchaki o‘yin emas, futbol — bu insonlar»

Afsonaviy yulduzning murojaati faqat statistikaga emas, balki chuqur insoniy qadriyatlarga boy bo‘ldi:

  • Muqaddas raqam va bog‘ich: «Portugaliya xalqiga murojaat qilmoqchiman. 7-raqamli libos va milliy jamoa sardorlik bog‘ichini qaytarish vaqti keldi. Ular faqat menga tegishli bo‘lmagan, balki barchamizga tegishli edi. 23 yil davomida ushbu libosni kiyish, uni himoya qilish men uchun oliy sharaf bo‘ldi», — dedi futbolchi;

  • Yurak amri bilan qabul qilingan tanlov: «Bu oson qaror bo‘lmadi. Chunki ayrim masalalarni faqat aql bilan hal qilib bo‘lmaydi — bunda yurak ham o‘z so‘zini aytadi. Ortga nazar tashlasam, faqat bahslar, gollar va sovrinlarni emas, balki insonlarni ko‘raman. Futbol — bu insonlar»;

  • Chin meros: «Gollar unutilishi, kuboklar muzeylarga qo‘yilishi va rekordlar qachondir yangilanishi mumkin. Ammo insonlar qalbidagi xotira va tuyg‘ularni vaqt o‘chira olmaydi. Agar hech bo‘lmaganda bir marta sizni xursand qilgan bo‘lsam, golim tufayli kimnidir bag‘ringizga bosgan, tashvishlaringizni unutgan yoki o‘z vataningiz bilan faxrlangan bo‘lsangiz, demak, bularning barchasi bejiz emas edi».

23 yillik buyuk saltanat: Debyutdan eng yuqori cho‘qqigacha

Krishtianu Ronalduning xalqaro maydondagi ko‘rsatkichlari uzoq yillar davomida yetib bo‘lmas marra sifatida saqlanib qolishi shubhasiz:

  • Qozog‘istonga qarshi ilk qadam: Uning milliy jamoa libosidagi debyuti 2003 yil 20 avgust kuni Qozog‘istonga qarshi uchrashuvda boshlangan edi;

  • Jahon futboli rekordi: Ronaldu 23 yil ichida Portugaliya safida jami 234 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga 146 ta gol urdi — bu barcha zamonlarning milliy jamoalar kesimidagi mutlaq jahon rekordidir;

  • Tarixiy g‘alabalar: Hujumchi sardor sifatida o‘z mamlakati tarixidagi ilk yirik g‘alaba — Yevro-2016 chempionligini taqdim etdi va ikki marta UYEFA Millatlar ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritdi.

Ronaldu so‘zi yakunida Portugaliyaning yangi, yosh futbolchilariga ishonch bildirib, ular taslim bo‘lmasdan, hali hech kim zabt etmagan yangi cho‘qqilarni ko‘zlashlari shartligini uqtirdi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar