Tezyurar poyezdlar to‘qnashdi: Ispaniyada 39 kishi halok bo‘ldi

Reuters xabar berishicha, Ispaniyaning Kordoba viloyatida ikki tezyurar poyezd to‘qnashuvi natijasida kamida 39 kishi halok bo‘ldi. Hodisa 19-yanvar kuni kechqurun Adamuz shahri yaqinida sodir bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 120 dan ortiq kishi jarohat olgan, ayrimlari shifoxonada qolmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Malagadan Madridga ketayotgan poyezd relsdan chiqib ketgan. Oradan qisqa vaqt o‘tib, qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan boshqa poyezd bilan to‘qnashuv yuz bergan. Har ikki poyezdda yuzlab yo‘lovchilar bo‘lgan.
Qutqaruv ishlari hodisa joyi chekka hududda joylashgani sababli murakkab kechgan. Shunga qaramay, tez yordam va qutqaruv xizmatlari jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatgan. Mamlakat rahbariyati voqea joyiga yetib kelgan.
Hodisa sabablari hozircha noma’lum. Mutaxassislar tekshiruv ishlarini olib bormoqda. Ushbu fojia Ispaniyada so‘nggi yillardagi eng yirik temiryo‘l halokatlaridan biri sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!