date

Rossiya Ukraina va AQSH delegatsiyalari BAAda uchrashadi muzokaralar texnik darajada o'tadi

Rossiya Ukraina va AQSH delegatsiyalari BAAda uchrashadi muzokaralar texnik darajada o'tadi

Davosdagi Jahon iqtisodiy forumi doirasida o'tgan keskin uchrashuvlardan so'ng Ukraina, Rossiya va AQSH o'rtasida uch tomonlama muzokaralar tayyorlanayotgani ma'lum bo'ldi. Uchrashuvlar 23–24 yanvar kunlari Birlashgan Arab Amirliklarida o'tkazilishi kutilmoqda. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.

22 yanvar kuni Davosda AQSH prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy qariyb bir soat davomida yuzma-yuz suhbatlashdi. Uchrashuvdan keyin Tramp muloqot “yaxshi” o'tganini va “hamma urush tugashini istayotganini” aytib, Shveytsariyani tark etdi.

Biroq G'arb OAVlari uchrashuv natijalarini ehtiyotkorlik bilan baholamoqda. Financial Times xabariga ko'ra, Zelenskiy xavfsizlik kafolatlari hamda urushdan keyingi tiklanish bo'yicha aniq majburiyatlarni hujjatga tushirishga erisha olmagan. Tramp ma'muriyati bilan oldindan kelishilgani aytilgan hujjatlar imzolanmay qolgan.

Amerikalik hamkasbi bilan muloqotdan keyin Zelenskiy forumda keskin chiqish qilib, Yevropa yetakchilarini ichki kelishmovchiliklar sabab qat'iyatsizlikda aybladi. U o'tgan yil davomida vaziyat o'zgarmaganini, Yevropada esa o'zini himoya qilish uchun zarur siyosiy iroda hanuz yetishmayotganini ta'kidladi. Zelenskiy Yevropani “chiroyli, ammo bo'laklarga bo'lingan kichik va o'rta davlatlar kaleydoskopi” deb ta'rifladi.

U, shuningdek, Tramp ilgari surgan “Tinchlik kengashi” tashabbusini ham tanqid qildi: Zelenskiyga ko'ra, Yevropa bu masalada umumiy pozitsiyani ishlab chiqa olmagan, kengashda manfaatlari keskin farqlanuvchi davlatlar bor, frontda esa hatto o't ochishni to'xtatish rejimi ham yo'q.

Zelenskiy Yevropa davlatlarini yanada qat'iy choralar ko'rishga chaqirib, “soya floti” orqali tashilayotgan Rossiya neftini to'xtatish va musodara qilish g'oyasini ilgari surdi. U Eron haqida ham to'xtalib, uning fikricha, xalqning rejimga qarshi kurashida xalqaro hamjamiyat yordami yetarli bo'lmayapti.

Navbatdagi bosqich BAAda bo'lib o'tadigan muzokaralar bo'lishi kutilmoqda. Zelenskiy bu uchrashuvlarni “texnik darajadagi” muloqot deb atadi: rejalarga ko'ra, uch davlat delegatsiyalari ikki kun davomida ehtimoliy murosaning tafsilotlarini muhokama qiladi.

Bundan oldin AQSH vakillari Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan to'g'ridan to'g'ri muzokara o'tkazishi rejalashtirilgan. Uchrashuv 22 yanvar kechqurun bo'lib o'tishi aytilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya Ukraina va AQSH delegatsiyalari BAAda uchrashadi muzokaralar texnik darajada o'tadi