Bolalar va o'smirlar salomatligi bo'yicha yangi strategiya UNICEF va JSST 2026–2030 yillar rejasini tasdiqladi

UNICEF va Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JSST) 2026–2030 yillarga mo'ljallangan bolalar va o'smirlar salomatligi hamda farovonligi bo'yicha qo'shma strategiyani qabul qildi. Dastur Yevropa va Markaziy Osiyo hududini qamrab oladi, tibbiy xizmatlar hali ham cheklangan past va o'rta daromadli mamlakatlarga alohida e'tibor qaratiladi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Yangi hujjat avvalgi yondashuvlardan farqli ravishda faqat natijalarni qayd etish bilan cheklanmaydi: unda bolalar sog'lig'i yomonlashishiga olib kelayotgan omillarni tizimli aniqlash va ularni bartaraf etish masalasi ustuvor yo'nalish sifatida belgilangan.
Strategiyada birlamchi tibbiyot bo'g'inida bolalar salomatligi uchun mas'ul mutaxassislar yetishmasligi global muammo ekani ta'kidlanadi. Baholashlarga ko'ra, 2030 yilga borib tibbiyot xodimlari tanqisligi 18 million kishidan oshishi mumkin.
Hujjatda agressiv marketing bolalar salomatligi, ovqatlanishi va xulq-atvoriga alohida xavf omili sifatida ko'rsatilgan. Shuningdek, zararli mahsulotlar reklamasini tartibga solish bo'yicha tavsiyalar ham keltirilgan.
Bundan tashqari, o'g'il bolalar va qizlarni zararli kontent ta'siridan himoya qilish bo'yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Besh yo'nalishni o'z ichiga olgan strategiya doirasida ruhiy salomatlik xizmatlarini kuchaytirish, reabilitatsiyani rivojlantirish, sog'lom ovqatlanishni yaxshilash va semirishning oldini olish, emlash qamrovini hamda sifatli tibbiy yordamga kirishni kengaytirish, shuningdek zo'ravonlikning oldini olish choralarini kuchaytirish nazarda tutilgan.
Dastur maktablarda sog'lom turmush tarzini shakllantirish, hamshiralar, psixologlar va maslahatchilar rolini kuchaytirishni ham ko'zda tutadi. O'quv dasturlariga sog'liqni saqlash bo'yicha amaliy ko'nikmalar va raqamli xavfsizlik mavzularini kiritish ham reja qilingan.
Avvalroq O'zbekistondagi Oila va gender instituti mamlakatda bolalar o'limi ko'rsatkichlari pasaygani qayd etilganini ma'lum qilgandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!