date

Project Vault AQSHga yangi nodir yerlar zaxirasini yaratadi

Project Vault AQSHga yangi nodir yerlar zaxirasini yaratadi

2 fevral kuni kechqurun Oq uyda o‘tkazilgan tadbirda Donald Tramp “Project Vault” nomli yangi tashabbus ishga tushirilayotganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu loyiha Amerika kompaniyalari va ishchilari muhim resurslar tanqisligidan “zarba” yemasligi uchun xavfsizlik yostig‘ini yaratadi.

Gap shundaki, “Project Vault” doirasida 1,67 mlrd dollar xususiy kapital AQSH Eksport-import banki ajratadigan 10 mlrd dollarlik kredit bilan birlashtiriladi. Mablag‘lar strategik ahamiyatga ega minerallarni xarid qilish va ularni zaxira sifatida saqlashga yo‘naltiriladi.

Zaxira kimlar uchun kerak?

Birinchi navbatda, bu zaxira avtomobilsozlik va texnologiya kompaniyalarining ehtiyojlari uchun mo‘ljallangani aytildi. Tramp tashabbusni avval milliy mudofaa ehtiyojlari uchun tuzilgan strategik zaxira tamoyiliga o‘xshatib, g‘oyani juda samarali yechim sifatida ko‘rsatdi.

Loyihaning amaliyot qismi ham aniq: manbalarga ko‘ra, xomashyo xaridi va logistikasida Hartree Partners, Traxys North America hamda Mercuria Energy Group kabi kompaniyalar ishtirok etadi. Asosiy maqsad — biznesning Xitoy nodir yer elementlariga bog‘liqligini keskin kamaytirish.

“Minerallar klubi” ham kengaymoqda

AQSH ichki ishlar vaziri Duglas Bergam esa yana bir signalni berdi: shu hafta “muhim minerallar savdo klubi”ga qo‘shilayotgan yana 11 ta davlat haqida e’lon qilinishi kutilyapti. Ya’ni o‘yin faqat zaxira tuzishda emas, ittifoqchilar bilan ta’minot zanjirini ham mustahkamlashda.

Yaponiya ham “chuqurga kirib” ketyapti

Xuddi shu kuni Tokio hukumati Yaponiya tadqiqot missiyasi 6000 metr chuqurlikda nodir yer elementlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan cho‘kinmalarni aniqlaganini ma’lum qildi. Namunalar dekabr oyida Tinch okeanidagi Yaponiyaga qarashli Minamitori atolliga borgan “Chikyu” ilmiy burg‘ilash kemasi orqali yig‘ilgan. Olimlar baholashicha, atrof suvlarida 16 mln tonnadan ortiq zaxira bo‘lishi ehtimoldan xoli emas — agar tasdiqlansa, bu dunyodagi eng yirik konlardan biriga aylanishi mumkin.

Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti eksperti Takaxiro Kamisuna ham shu nuqtani urg‘ulagan: agar Yaponiya Minamitori hududida nodir yerlarni barqaror qazib olishga erishsa, muhim sanoat tarmoqlari uchun ichki ta’minot zanjiri kuchayadi.

Nega hamma shoshilyapti?

Bu harakatlarning fonida Xitoy omili ochiq ko‘rinib turibdi. 6 yanvar kuni Xitoy Savdo vazirligi Yaponiyaga harbiy maqsadlarda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan “ikkilamchi tovarlar” eksportini cheklagani xabar qilingan, ular qatorida ayrim nodir yer elementlari ham bor.

Qisqasi, dunyo “resurslar uchun xavfsizlik” davriga kiryapti: kimda zaxira bor — o‘sha ertangi ishlab chiqarishni ham, narxlarni ham yaxshi nazorat qiladi. Shuning uchun “Project Vault” ham, Yaponiyaning okean tubigacha tushgan izlanishlari ham bir narsani aytayapti: texnologiyalar asrida eng qimmat narsa — faqat gadjet emas, uni yasaydigan elementning o‘zi.

Nodir yer elementlari deganda 17 ta kimyoviy element guruhi tushuniladi — ular radioelektronika, asbobsozlik va yuqori texnologiyali qurilmalarda qo‘llanadi. Zaxiralar bo‘yicha yetakchilar sifatida Xitoy (44 mln tonna), Vetnam (22 mln tonna), Braziliya (21 mln tonna) va Rossiya (10 mln tonna) tilga olinadi. Eng qimmatlardan biri skandiy bo‘lib, u kosmik sanoat, mudofaa sohasi va qattiq oksidli yonilg‘i elementlarida ishlatiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Project Vault AQSHga yangi nodir yerlar zaxirasini yaratadi