Ayol mojaro paytida erini o‘ldirgani uchun 9 yilga qamaldi

Jezqazg‘onda ayol turmush o‘rtog‘ini o‘ldirganlikda ayblanib, unga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi, deb xabar beradi NUR.KZ.
Ulitayu viloyati sudlarining rasmiy Telegram-kanalida xabar qilinishicha, viloyat jinoyat ishlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tumanlararo sudida ayolga nisbatan odam o‘ldirish (JK 99-moddasi 1-qismi) ayblovi bo‘yicha ish ko‘rib chiqilgan.
Sud tomonidan aniqlanishicha, ayol 2025 yil avgust oyida turmush o‘rtog‘i bilan og‘ir mastlik holatida janjallashib, oshxona pichog‘i bilan uning ko‘krak qafasiga bir marotaba zarba bergan. Olingan tan jarohatlari oqibatida jabrlanuvchi voqea joyida vafot etgan.
Sudlanuvchining aybi jabrlanuvchi, guvohlarning ko‘rsatuvlari, ekspertiza xulosalari va ishning boshqa ashyoviy materiallari bilan isbotlangan.
Prokuror sudlanuvchiga 12 yillik qamoq jazosini tayinlashni so‘radi. Sudlanuvchi aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishiga pushaymon bo‘ldi va jabrlanuvchidan kechirim so‘rab, jazoni yengillashtirishni so‘radi.
Sodir etilgan jinoiy huquqbuzarlik JK 99-moddasi 1-qismi bilan o‘ta og‘ir jinoyatlar toifasiga kiradi va uni sodir etganlik uchun 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Aybni tan olish va chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lish jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida belgilangan. Ish holatlari inobatga olinib, sud hukmi bilan ayolga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!