Misrda 3400 yillik la’nat matnlari topildi: qadimgi misrliklar dushmanlarini qanday jazolagan?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Misrning Luksor hududidagi fir’avn Tutmos III ibodatxonasi yaqinidan 3400 yil avvalgi g‘ayrioddiy la’nat marosimlariga oid 40 ga yaqin papirus parchasi topildi.
- Kopengagen universiteti tadqiqotchilari aniqlashicha, qadimgi misrliklar quyosh xudosi Ra ning dushmani bo‘lgan Apofis ilonini ramziy ravishda yo‘q qilish uchun papiruslarga yozuvlar tushirib, ularni teshgan va yoqib yuborgan.
Misrda arxeologlar qariyb 3400 yil avvalgi g‘ayrioddiy marosimlarga oid papirus parchalarini topdi. Ularda qadimgi misrliklar quyosh xudosi Ra ning ashaddiy dushmani hisoblangan ulkan ilon Apofisga qarshi qo‘llagan la’nat marosimlarining izlari saqlanib qolgan. Qizig‘i, papiruslar shunchaki yozib qo‘yilmagan: ular o‘tkir buyum bilan teshilgan va yoqilgan. Bu haqda Kopengagen universiteti tadqiqotchilari ma’lum qildi.
Topilmalar qadimgi Fiva shahri — hozirgi Luksor hududidagi fir’avn Tutmos III ning dafn marosimlari ibodatxonasi yaqinidan aniqlangan. Arxeologlar ibodatxonaning shimoliy devori tashqarisida uzunligi taxminan 75 metr, eni esa 10–20 metr bo‘lgan qadimiy chiqindi uyumini o‘rgangan. Shu yerdan 40 ga yaqin kichik papirus parchasi topilgan.
Tadqiqotchilar ularning tashqi ko‘rinishi, yozuvlari va shikastlanish izlarini o‘rganib, parchalar qadimgi Misrda o‘tkazilgan «Apofisni mag‘lub etish» marosimiga tegishli ekanini aniqlagan.
Qadimgi misrliklar ilonni nega la’natlagan?
Qadimgi Misr mifologiyasiga ko‘ra, Apofis tartibsizlik va vayronkorlik timsoli bo‘lgan ulkan ilon hisoblangan. Rivoyatlarga ko‘ra, u har kecha yerosti olamidan o‘tayotgan quyosh xudosi Ra ga hujum qilib, uning yo‘lini to‘sishga uringan. Misrliklar Ra ning g‘alabasi quyoshning har tong qayta chiqishini ta’minlaydi, deb ishongan.
Shu sababli ruhoniylar Apofisni ramziy ravishda yo‘q qilishga qaratilgan maxsus marosimlarni bajargan. Buning uchun ilonning tasviri va nomi papirusga tushirilgan, so‘ng unga o‘tkir buyum sanchilgan va qog‘oz yoqib yuborilgan. Ayrim marosimlarda tasvirlar oyoq osti qilingan yoki mumdan yasalgan shakllar ham yo‘q qilingan.
Papiruslar qanday tayyorlangan?
Olimlarning e’tiborini tortgan jihatlardan biri — topilgan parchalar bir xil usulda tayyorlanganidir. Ulardagi tasvir va yozuvlar qizil siyohda, papirusning faqat bir tomoniga tushirilgan. Ayrim namunalarda qizil chiziqlar bilan ajratilgan to‘rtburchak shakllar ham ko‘rinadi.
Tadqiqotchilar bu belgilar dastlab katta papirus varag‘i bir nechta teng qismlarga bo‘linganini, har bir qismga alohida tasvir va yozuv tushirilganini ko‘rsatadi, deb hisoblaydi. Keyinchalik varaq mayda bo‘laklarga kesilgan. Demak, marosim uchun kerakli buyumlar bir vaqtning o‘zida ko‘p miqdorda tayyorlangan bo‘lishi mumkin.
Topilgan namunalardagi teshilish va kuyish izlari esa papiruslar shunchaki yozuv yoki rasm sifatida saqlanmaganini, balki marosimda amalda ishlatilganini ko‘rsatadi.
La’nat marosimlari faqat ilonga qarshi bo‘lmagan
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, Apofisga qarshi marosimlar keyinchalik boshqa maqsadlarda ham qo‘llangan. Jumladan, fir’avnning dushmanlari, muayyan kishilarning raqiblari, kasalliklar va xavfli tabiiy hodisalarga qarshi ham shunday ramziy amallar bajarilgan.
Olimlar uchun bu topilmaning ahamiyati shundaki, avval Apofisga qarshi marosimlar asosan qadimgi yozma manbalardan ma’lum edi. Yangi papiruslar esa bunday marosimlar haqiqatan ham bajarilganini tasdiqlovchi eng qadimgi bevosita moddiy dalillardan biri hisoblanadi. Ular qadimgi misrliklarning diniy qarashlari va kundalik hayotidagi sehrli marosimlar haqida yangi ma’lumotlar beradi.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…