Generalga suiqasd ishida gumonlanuvchi Turkiyada yashiringan

Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Harbiy razvedka bosh boshqarmasi rahbari o‘rinbosari, general-leytenant Vladimir Alekseyevga nisbatan uyushtirilgan suiqasd ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida ko‘rilayotgan Zinaida Serebritskaya xalqaro qidiruvga berildi. Bu haqda jinoyat ishi materiallariga tayanib, TASS xabar qildi
Ish hujjatlarida qayd etilishicha, Zinaida Serebritskaya rasman xalqaro qidiruv e’lon qilingan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan.
Shuningdek, tergov materiallariga ko‘ra, u Rossiya hududini tark etgan va hozirda Turkiya davlatining hududida, xususan Istanbul shahrida yashirinib yurgani aytilmoqda. Ma’lum qilinishicha, Serebritskaya Rossiyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri Istanbulga uchib ketgan.
U Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lib, mazkur pasportdan Lugansk hududidan Rossiyaga kirib kelish hamda mamlakat ichida erkin harakatlanish uchun foydalangan.
Avvalroq TASS kuch tuzilmalariga tayanib, Serebritskaya Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 317-moddasi — huquqni muhofaza qilish organi xodimining hayotiga tajovuz qilish moddasi bilan federal qidiruvga berilganini xabar qilgan edi.
Moskvaning Zamoskvoretskiy tuman sudida esa Zinaida Serebritskayaga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzida ehtiyot chorasi qo‘llanilgani ma’lum qilindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!