Dunyoda har uch soniyada 1 qiz bolaligida turmushga chiqadi

Dunyo bo‘yicha har besh qizdan biri 18 yoshga yetmasdan oldin rasmiy yoki norasmiy nikohga kirib qolayapti. BMT Aholi jamg‘armasiga ko‘ra, hozirgacha taxminan 640 million qiz voyaga yetmay turmush qurgan.
Har yili 12 million o‘smir qiz 18 yoshga yetmasdan turmushga chiqadi. Bu degani — har 3 soniyada bir qiz nikohlanadi. Eng ko‘p holat Janubiy Osiyo va Afrika mamlakatlarida uchraydi.
Markaziy Osiyoda esa ko‘rsatkich pasaygan: 1999 yilda 13 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib 6 foizga tushgan.
O‘zbekiston bo‘yicha keltirilgan ma’lumotlarda 1997–2022 yillarda:
- 15 yoshgacha turmush qurganlar: 48,5 ming nafar
- 18 yoshgacha turmush qurganlar: 1,1 million nafar
Viloyatlar kesimida eng ko‘p holat Samarqandda 3 foiz, Andijonda 2 foiz, Farg‘onada 1 foiz va Qoraqalpog‘istonda 0,8 foiz qayd etilgan.
Yaxshi yangilik ham bor: dunyoda bolalar nikohi sekin-asta kamayapti. 2000 yilda 20–24 yoshdagi ayollarning uchdan biri voyaga yetmay turmush qurgan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich beshdan birga tushgan. Oxirgi 25 yilda 68 million bolalar nikohining oldi olingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!