Tramp “Tinchlik kengashi” orqali BMTni nazorat qilmoqchi ekan

AQSH ma’muriyati BMT bilan yanada yaqinroq ishlash va tashkilot imkoniyatlarini “Tinchlik kengashi” nazorati ostida to‘liqroq ishga solish niyatida ekanini bildirdi. Bu haqda prezident Donald Tramp Vashingtonda o‘tkazilgan tuzilmaning ilk yig‘ilishida aytgan.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH BMT bilan “juda yaqin hamkorlik” qilishni xohlayapti, “Tinchlik kengashi” esa BMT faoliyatini deyarli doimiy kuzatib borib, uning “to‘g‘ri ishlashi”ni nazorat qiladigan mexanizm sifatida tasavvur qilinyapti.
Shu bilan birga, AQSH rahbari BMTni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va tashkilot infratuzilmasini yangilash, modernizatsiya qilish rejalari haqida ham gapirgan. Uning fikricha, tegishli ko‘mak va qat’iy nazorat bo‘lsa, BMT xalqaro siyosatda yanada ta’sirchan, “kuchliroq vosita”ga aylanishi kerak.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 19 fevral kuni Vashingtonda “Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishi ochilgan va unda 20 dan ortiq davlat delegatsiyasi qatnashgan.
Dastlab bu tuzilma G‘azo sektoridagi vaziyatni kuzatish, barqarorlikni ta’minlash hamda tiklanish jarayonlarini muvofiqlashtirish uchun shakllantirilgani aytilmoqda. Keyinchalik esa Tramp uning vakolatlarini kengaytirish, ya’ni boshqa mintaqalardagi mojarolarni hal qilishda ham faolroq “o‘yinchi”ga aylantirish g‘oyasini ilgari surgan.
Qisqasi, Vashington yangi formatda “tinchlik arxitekturasi” qurmoqchi: bir tomonda — BMT bilan hamkorlik va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, ikkinchi tomonda — qat’iy nazorat va tashqi boshqaruvga o‘xshash mexanizm. Endi eng katta savol shu: bu tashabbus BMTning samaradorligini oshiradiimi yoki tashkilot atrofidagi bahslarni yanada avj oldiradimi?
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!