Pokiston Afg‘onistondagi “Tolibon”ga qarshi ochiq urush boshladi

Pokiston Afg‘onistondagi Kobul va Qandahor shaharlariga tunda avia zarbalar bergan, deb BBC xabar berdi. Habarda aytilishicha, hujumlar 27 fevral kuni tungi soatlarda amalga oshirilgan.
Pokiston bosh vaziri matbuot kotibi Mosharraf Zaydiyning so‘zlariga ko‘ra, hozirgacha 27 ta “Tolibon” harbiy posti vayron qilingan, to‘qqiztasi esa egallab olingan. U shuningdek, 80 tadan ortiq tank, artilleriya va qurollangan transport vositalari yo‘q qilinganini bildirgan.
Zaydiy ma’lumotida, 133 nafar “Tolibon” a’zosi halok bo‘lgani, 200 nafardan ortiq kishi yaralangani ham qayd etilgan. “Pokistonning tajovuzga zudlik bilan va samarali javob qaytarishi davom etmoqda”, degan u.
Pokiston mudofaa vaziri Xavaja Osif esa “Tolibon” hukumatiga qarshi “ochiq urush” e’lon qilgan. Uning ta’kidlashicha, Pokiston vaziyatni diplomatik yo‘l bilan barqaror saqlashga urinib ko‘rgan, ammo endi munosabatlar “ochiqdan ochiq urush” bosqichiga o‘tgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!