Arab davlatlari nega Eron hujumlariga nisbatan sukut saqlamoqda?

Yaqin Sharqdagi urush alangasi kuchayib borayotgan bir paytda, mintaqadagi eng qudratli arab davlatlarining Eron zarbalariga nisbatan ko‘rsatayotgan vazminligi dunyo siyosatshunoslarini hayratga solmoqda. Nafaqat harbiy bazalar, balki Dubaydek sayyohlik markazlari va «Aramco» singari iqtisodiy gigantlar nishonga olinsa-da, arab dunyosi nega sukut saqlamoqda? Zamin.uz ushbu jumboqning ehtimoliy sabablarini tahlil qiladi.
AQSH va Isroilning Eronga qarshi amaliyotlari kutilgan tezkor natijani bermadi. Tehron nafaqat taslim bo‘lgani yo‘q, balki davlat boshqaruvini barqarorlashtirib, saylovlarga tayyorgarlikni ham boshlab yubordi. Biroq eng qiziq jarayonlar arab davlatlari atrofida sodir bo‘lmoqda.
Vashingtonga qaramlik va Trampning «trillionlik» tuzog‘i
Donald Tramp hokimiyatga kelgach, arab davlatlari bilan ulkan moliyaviy shartnomalar imzolagan edi. Ekspertlarning fikricha, arablarning hozirgi sukuti aynan shu kelishuvlarga bog‘liq bo‘lishi mumkin. Trampning «biz ularga operatsiyada qatnashishga ruxsat bermadik» qabilidagi gaplari arab davlatlari o‘z mudofaasini to‘liq Vashingtonga topshirib qo‘yganini, biroq bu kelishuv hozirda pand berayotganini ko‘rsatadi.
Dubay: Iqtisodiy qon tomiriga berilgan zarba
BAA misolida aytadigan bo‘lsak, mamlakat iqtisodiyoti har daqiqada millionlab dollar yo‘qotmoqda. Dubay xalqaro aeroporti — mamlakatning pul oqimi manbai hozir falaj holatda.
- Sayyohlik inqirozi: Turistik shirkatlar katta zarar ko‘rmoqda.
- Iftorlik diplomatiyasi: Amirliklar prezidenti va Dubay shahzodasining «Dubai Mall»da odamlar bilan iftorlik qilishi — xalq orasidagi vahimani bosish va shahar xavfsiz ekanini isbotlashga bo‘lgan umidsiz urinishdir.
Putinning kutilmagan e’tirozi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin BAA rahbari bilan suhbatda Eronning zarbalarini tanqid qildi. Uning fikricha, Dubayning nishonga olinishi mantiqsiz, chunki AQSH Eronga zarba berishda BAA hududidan foydalanmayotgan edi. Eron esa arablarga «Amerika bilan ittifoqchi bo‘lishning badalini» aynan eng mashhur shaharlarni bombalash orqali to‘latmoqda.
«Aramco» va Isroilning makkorona rejasi
Eron nafaqat kichik davlatlarni, balki Saudiya Arabistonidagi dunyoning eng yirik neft zavodi — «Aramco»ni ham o‘qqa tutmoqda. Mashhur jurnalist Taker Karlsonning fikricha, bu yerda vaziyat ancha murakkab bo‘lishi mumkin:
«Isroil nafaqat Eronni, balki mintaqadagi barcha musulmon davlatlarini kuchsizlantirishni istaydi. «Aramco»ga zarbani eronliklar emas, balki arablarni Eron bilan urushtirib qo‘yish maqsadida Isroil bergan bo‘lishi mumkin».
Agar arab davlatlari katta mintaqaviy urushning oldini olish va provokatsiyalarga uchmaslik uchun bosiqlik qilayotgan bo‘lsa, bu tahsinga loyiq. Ammo, agar bu sukut faqatgina Vashingtonning «ruxsati yo‘qligi» natijasi bo‘lsa, bu mintaqa xavfsizligi uchun o‘ta xavotirli signaldir.
Sizningcha, arab davlatlarining bu qadar vazminligi urush olovini so‘ndirishga yordam beradimi yoki Eronni yanada qat’iyroq hujumlarga undaydimi?
Yaqin Sharqdagi eng issiq xabarlarni zamin.uz bilan kuzatib boring.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!