Turkiyada dahshatli hodisa o‘qituvchi o‘quvchisi qo‘lida halok bo‘ldi

2 mart kuni Istanbuldagi Borsa kasb-hunar va texnika Anadolu litseyida mudhish voqea yuz berdi. 17 yoshli o‘quvchi F.S.B. pichoq bilan hujum qilib, biologiya o‘qituvchisi Fotima Nur Chelikni o‘ldirdi. Hujum oqibatida yana bir o‘qituvchi va bir o‘quvchi jarohat oldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi voqeadan ikki kun oldin ruhiy xastaliklar shifoxonasidan chiqqan. U maktab jadvalini tekshirib, Fotima Nurning qayerda bo‘lishini oldindan aniqlagan. Hodisa kuni esa sinfga kirib, avval o‘qituvchiga, keyin uni to‘xtatmoqchi bo‘lganlarga hujum qilgan.
E’tiborlisi, marhuma o‘qituvchi avvalroq ham aynan shu o‘quvchi haqida Intizom qo‘mitasida gapirib, “hayotimiz xavf ostida” deya ogohlantirgani aytilmoqda.
Hodisadan keyin maktabda darslar bir kunga to‘xtatildi, xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Turkiyaning 81 viloyatida o‘qituvchilar “Maktabda o‘lmoqchi emasmiz” shiori ostida bir kunlik ish tashlash aksiyasi o‘tkazdi.

Turkiya Adliya vaziri Akin Gurlek va Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bu hodisani keskin qoralab, aybdorlar jazosiz qolmasligini bildirdi. Marhuma o‘qituvchi Fotima Nur esa tug‘ilgan shahri Konyada so‘nggi manzilga kuzatildi.
Bu voqea Turkiyada yoshlar orasidagi ruhiy bosim, ijtimoiy taranglik va maktablarda xavfsizlik masalasi yanada jiddiy e’tibor talab qilayotganini ko‘rsatdi.