Qozog'istonda go'sht narxi oshishiga O'zbekiston sabab bo'lmoqda

Qozog'iston ichki bozorida mol go'shti narxlarining ko'tarilishi qo'shni O'zbekistonga amalga oshirilayotgan eksport hajmi bilan bog'liq bo'lishi mumkin. Bu haqda Qozog'iston Qishloq xo'jaligi vaziri o'rinbosari Yerbol Tasjurekov Markaziy kommunikatsiyalar xizmatida o'tkazilgan brifingda ma'lum qildi. Bu haqda qalampir.uz xabar beradi.
Vazir o'rinbosarining so'zlariga ko'ra, Qozog'iston o'z ehtiyojidan ortiqcha go'sht ishlab chiqaradi. Masalan, o'tgan yili mamlakatda 430 ming tonna mol go'shti tayyorlangan bo'lsa, ichki talab 400 ming tonnani tashkil etgan. Qolgan 30 ming tonna mahsulot esa eksportga yo'naltiriladi. Tasjurekovning ta'kidlashicha, O'zbekiston bozorida go'sht narxi Qozog'istondagiga nisbatan balandroq bo'lgani sababli, mahalliy ishlab chiqaruvchilar o'z mahsulotlarini qo'shni davlatga sotishni afzal ko'rmoqda.
Bu holat Qozog'iston ichki bozorida taklifning kamayishiga va narxlarning oshishiga olib kelmoqda. Hukumat chorvachilikni rivojlantirish bo'yicha yangi kompleks reja ustida ishlamoqda, bu esa kelgusida ham ichki bozorni barqaror ta'minlash, ham eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Avvalroq O'zbekistonga go'sht eksporti narxlari bo'yicha turli statistik ma'lumotlar e'lon qilingan edi. Xususan, 1 kilogramm go'sht 3 dollar atrofida sotilgani haqidagi xabarlar Qozog'iston Savdo va integratsiya vazirligi tomonidan texnik xatolik bo'lishi mumkinligi aytilib, shubha ostiga olingan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!